Breaking News

Suriya tinchlik muzokaralari yanvarda boshlanishi mumkin


Turkiya Birlashgan Millatlar Tashkilotida ma'qullangan Suriya tinchlik rejasini ijobiy baholaydi.

Kuni-kecha Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi fuqarolar urushiga yakun yasashga qaratilgan rezolyutsiya ovozdan o'tdi. AQSh tayyorlagan hujjatni tashqi ishlar vazirlari bir ovozdan ma'qullagan.

"Tinchlik rejasi bu safar kengash rezolyutsiyada o'z aksini topgani katta ahamiyat kasb etadi. Yanvardan boshlab Suriyada sulh kuchga kirishi lozim", - dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Ammo Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li rezolyutsiyada Suriya xalqini "Assad rejimi sodir etayotgan vahshiyliklardan himoya qilish" to'g'risida hech narsa deyilmaganidan afsusda.

Xavfsizlik Kengashiga a'zo 15 mamlakat BMT yordamida va Suriyaning o'zi boshchiligida o'tadigan tinchlik muzokaralarini qo'llab-quvvatladi. Muvaqqat hukumat tuzish uchun olti oy muddat belgilangan, so'ngra saylovlar o'tkazilishi kerak.

Muzorakalar barobarida sulh kuchga kirishi ko'zlangan. Terrorchi deb ko'rilayotgan guruhlar, jumladan al-Nusra fronti ularda qatnashmaydi.

Ilk bor Suriyadagi vaziyat bo'yicha til topisha oldik, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. "Suriya mojarosi bo'yicha gohida qarama-qarshi pozitsiyada bo'lgan mamlakatlar murosa qildi", - deydi u.

Ammo rezolyutsiya matnida Suriya Prezidenti Bashar al-Assad haqida, uning siyosiy kelajagi haqida ham hech narsa deyilmagan. Vaholanki, Rossiya va G'arb kelisha olmayotgan asosiy mavzu ham shu.

2011-yildan buyon Suriya mojarosi 250 ming odamning yostig'ini quritdi, millionlab odamlarni qochqinga aylantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG