Suriyada hukumat va isyonchilar o'rtasidagi kelishuvga muvofiq, muxolif kuchlar Hims shahrini tark etmoqda. Shahar so'nggi yillarda hukumat qo'shinlari qurshovida edi, uning ba'zi rayonlarida isyonchilar bor edi. Bugun 750 odamning Voyel tumanidan chiqishi kutilmoqda.
Hims poytaxt Damashqdan 150 kilometr shimolda bo'lib, u orqali Hamo va Halab shaharlariga ham o'tish mumkin.
Fuqarolar urushiga barham berishga qaratilgan harakatlar hozircha samara bermayapti, biroq mamlakatning ayrim qismlarida hukumat va isyonchilar ba'zi maydaroq kelishuvlarga erishishga muyassar bo'lyapti.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonlarni 1-yanvardan boshlab muzokara boshlashga chorlamoqda.
Bu o'rtada Rossiyaning Suriyadagi harbiy kampaniyasi davom etmoqda.
Kecha Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Prezident Vladimir Putinga Suriya shimolidagi nishonlar O'rta dengizdagi suvosti kemasidan otilgan raketalar bilan urilgani haqida hisobot berdi. "Islomiy davlat" nazoratidagi Raqqa shahrida qurol ombori va minalar tayyorlaydigan sex vayron qilingani aytiladi.
Shoyguga ko'ra, so'nggi uch kunda Rossiya havo hujumlarida "Islomiy davlat"ning 600 dan ziyod obyektlari nishonga olingan.
G'arb mamlakatlari Rossiyani asosan Prezident Bashar Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarni havodan urayotganlikda ayblab keladi.
AQSh diplomati Brett Makgurkning aytishicha, Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlarida "Islomiy davlat" 30 foizga nishonga olinayapti, xolos.
Biroq Pentagonning o'tgan oy ta'kidlashicha, Rossiya "Islomiy davlat"ga qarshi hujumlarini oshirib bormoqda.