Breaking News

BMT Suriyadagi urush talofatlarini sarhisob qildi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada qariyb ikki yillik mojaroda ko’rilgan talofatlarni sarhisob qilmoqda. Mazhablararo adovat tusini olayotgan urushda minglab odamlar halok bo’lgan.

Sentabrdan beri gumanitar ahvol o’ta og’irlashgan, inson huquqlari keng miqyosda oyoqosti qilinmoqda. Ayniqsa, Damashq va Halab kabi yirik shaharlarda zo’ravonlik ko’lami oshib, me’moriy yodgorliklarga hujumlar ortgan.

Mamlakatda, asosan, sunniylardan iborat isyonchilar va prezident Bashar al-Assad ma’muriyatini yoqlovchi alaviylar o’rtasida ixtilof borgan sari keskinlashmoqda, deyiladi BMT hisobotida. Aynan mazhablar ziddiyati ajnabiy kuchlarni bu urushga qo’shilishga undayotgan omil deya ko’riladi. Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi sunniylar isyonchilarga, shialar, xususan, Livandagi Hizbulloh guruhi a’zolari esa Assad armiyasiga ko’maklashmoqda.

BMT rasmiysi Paulo Pineyroning aytishicha, Suriyadagi boshqa elat va din ahli, jumladan, nasroniy, kurd va turkmanlar ham o’zini mudofaa qilib yoki biror tomonni yoqlab, qurol ko’tarishga majbur bo’layapti. Hisobotga muvofiq, muxolifat Suriyaning shimoli va markazida mahkam o’rnashib olgan, janubda esa armiyaning qo’li baland kelmoqda.

Hukumat Iordaniya va Livan bilan chegara mudofaasini mustahkamlab, qurol-aslaha hamda odamlar oqimini to’xtatishga urinayapti. O’z navbatida, isyonchilar ko’proq o’q-dori, raketalarni qo’lga kirita boshlagan. Aksariyat aslahalar to’qnashuvlar o’ljasi, ba’zilari xorijdan kirayapti, deydi BMT ekspertlari.

Pineyroning aytishicha, bu urushda harbiy yo’l bilan g’alabaga erishish mumkin emas. “U yoki bu tomonga qurol uzatib, muvaffaqiyat qozonamiz, deyish xatodir. Muzokara - yagona yechim”, - deydi mutaxassis.

Rossiya rahbari Vladimir Putin bugungi chiqishida Moskva uchun ustuvor masala Assad ma’muriyati taqdiri emas, balki Suriyani barbod bo’lishdan saqlab qolishdir, degan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG