Breaking News

Obama Kongressdan Suriya muhokamasini kechiktirishni so'radi


Prezident Barak Obama Kongressdan Suriya masalasini hozircha ovozga qo'ymaslikni so'radi. Rasmiy Damashq kimyoviy qurolidan qutulishga rozilik bergan, Obama shunday qarorga kelgan.

Bashar al-Assad ma'muriyati, xususan, bunday qurollari saqlanadigan manzillarni e'lon qilib, kimyoviy aslahani qo'llashni taqiqlovchi xalqaro hujjatni imzolashga rozi.

Bu orada, BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya iltimosiga ko'ra bugun yopiq eshiklar ortida majlis qilishi kutilgan edi. Suriya kimyoviy qurol-aslahasini to'plab, yo'q qilish kun tartibidagi asosiy mavzu. Biroq anjuman qoldirilgan.

Prezident Obamaning aytishicha, Suriyada kimyoviy qurol qo’llanishining oldini olish uchun aksariyat diplomatiyaga xayrixoh. Biroq AQSh rahbari jangovar amaliyotdan hali voz kechganimiz yo'q, deydi.

“Diplomatik sa’y-harakatlar samarali mexanizmga yetaklasa, men buni har jihatdan qo’llab-quvvatlayman”, - deydi Barak Obama. “Ammo kimyoviy qurol ishlatgan har qanday davlat yoki rahbar harbiy jazo bilan yuzlashishi mumkinligini bilishi kerak”, - deydi Oq uy sohibi.

Rossiya va Fransiya, bu orada, Suriya ommaviy qirg’in qurolini xalqaro hamjamiyati nazoratiga olish yo’llari haqida o’ylanmoqda. Mazkur reja bo’lg’usi hujumlar va AQSh ishtirokidagi jangovar amaliyotning oldini olish usuli sifati ko’rilayapti.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bugun aytishicha, reja ayni pallada muhokamada va tez orada jahon hamjamiyati hukmiga havola qilinadi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim ruslar olg’a surgan bu tashabbusni olqishlab, Amerika agressiyasining oldini oluvchi muhim chora deya ta’riflamoqda. Suriyaning ittifoqchisi Eron ham taklifni ma’qullayapti.

Suriya muxolifati esa qarshi va prezident Bashar al-Assad baribir va’dasini bajarmaydi, demoqda. Xalqni o’ldirish uchun Assad ko’proq vaqt yutib olmoqchi xolos, deydi oppozitsiya so’zlovchisi Xolid Solih.

Prezident Barak Obamaning tan olishicha, Kongressda harbiy chorani yoqlovchilar ko’p emas. U avvalroq Senat Tashqi aloqalar qo’mitasidan oq fotiha olgan va rejaga ko’ra, Amerika ko’pi bilan 90 kun jangovar amaliyot o’tkazishi nazarda tutilgan edi.

Obama Rossiyaning Suriya kimyoviy qurol zaxiralarini nazoratga olish taklifini olg’a qadam, deb ta’riflayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG