Tayvanda o'tgan prezident saylovlarida muxolif Demokratik progressiv partiyasi g'alaba qozondi. Uning rahbari, 59 yoshli Say Inven orol davlatning ilk ayol prezidenti bo'ladi.
Hukmron Milliy partiyadan nomzod Erik Chu mag'lubiyatni tan oldi.
Yangi prezident Xitoy bilan do'stona aloqalar saqlab qolinishini ta'kidlamoqda. Shu bilan birga, deydi u, Pekin oroldagi demokratik tizimni hurmat qilishi lozim.
Inven xonimga ko'ra, Tayvan xalqining xohish-irodasi Xitoy bilan aloqalar qanday bo'lishini belgilaydi.
Tahlilchilar fikricha, orolda mustaqillik tarafdorlari hokimiyatga kelgani Xitoy bilan munosabatlarni chigallashtirishi mumkin. Tayvan Xitoydan 1949-yilgi fuqarolar urushidan keyin ajralib chiqqan, ammo Xitoy orolni hamon o'ziniki deb biladi.
Milliy partiya Tayvanda hukmron bo'lgan so'nggi sakkiz yil davomida Pekin bilan iqtisodiy aloqalar yaxshilandi, xususan turizm sohasida.