Breaking News

Tojikiston: yangi qoidalar mustaqil matbuot ustidan nazoratmi?


Tojikiston matbuoti
Tojikiston matbuoti

Tojikistonda mustaqil radio va telestansiyalarga litsenziya berishning yangi tartibi bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Mustaqil tahlilchi va xalqaro tashkilotlar mustaqil matbuotning faoliyat erkinligiga raxna solayotganini aytmoqda.

Jumladan, Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi yangi qoidalarga koʻra Tojikistonda mustaqil televideniye va radiostansiyalar “mamlakatning yagona axborot siyosati doirasida ishlashi” va Televideniye va radio qoʻmitasi buyruqlariga “soʻzsiz boʻysunishi” talab qilinayotganidan xavotirda.

Qoʻmita Tojikiston mustaqil radio va telestansiyalariga litsenziya berishning yangi tartibini bekor qilishga va mamlakatdagi barcha OAVning erkin faoliyatini taʼminlashga chaqirmoqda.

“Tojikiston hukumatining yangi talablari mamlakatdagi mustaqil ommaviy axborot vositalarining qolganlariga ham bosim oʻtkazish uchun urinishdir. Tojikiston hukumati nafaqat bu mantiqsiz talablarni bekor qilishi, balki mustaqil ommaviy axborot vositalaridagi barcha cheklovlarni olib tashlashi va OAVning erkin ishlashiga imkon yaratib berishi kerak”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha masʼul xodimi Gulnoza Said.

Yaqinda Tojikiston hukumati qoshidagi Televideniye va radio qoʻmita mustaqil televideniye va radiolarga faoliyat yuritish uchun litsenziya berishda yangi oʻzgarishlar joriy etilganini maʼlum qildi.

Joriy etilgan yangi talablarga koʻra, mustaqil televizion va radiostansiyalar mamlakatning yagona axborot siyosati doirasida ishlashi, Televideniye va radio qoʻmitaning davlat programmalarini efirga uzatish boʻyicha topshiriqlariga soʻzsiz boʻysunishi hamda mustaqil matbuot yillik daromadining bir foizini qoʻmitaga oʻtkazishi lozim. Bundan tashqari, besh yillik faoliyat uchun beriladigan litsenziyani olish uchun qoʻmitaga topshiriladigan mablagʻ hajmi bir necha barobarga oshirilib, 13 000 somoniy (1145 AQSH dollari) ga yetkazilgan.

Mustaqil radio va telestansiyalar uchun yangi talablar Tojikiston hukumatining 2020-yilning 30-iyul kuni qabul qilingan 428 va 429-son qarorlari asosida amalga tatbiq etilmoqda. Ularda aytilishicha, mustaqil televideniye va radio xorijiy tillardagi barcha kontentlarini efirga uzatishdan oldin Televizion va radio qoʻmita bilan muvofiqlashtirishi kerak.

Yangi qoidalar mustaqil radio va telematbuotdan oʻz materiallarini “fuqarolarda oʻz milliy mansubligidan faxrlanish tuygʻusini oshirishga qaratishni” va “istalgan paytda davlat programmalarini hech bir toʻsiqsiz efirga uzatishni” talab qiladi.

Mustaqil radio va telestansiyalarga xorijiy OAV bilan har qanday kelishuvlarni imzolash, xorijiy telekanallar dasturlarini yoki davlat tilidan boshqa tillardagi kontentni Televizion va radio qoʻmita ruxsatisiz efirga uzatish man etiladi.

2020-yilda Tojikistonda 3 ta audiovizual kontent ishlab chiqaradigan subyekt - “Karon-film” xizmat koʻrsatish markazi studiyasi, “Anis” televideniyesi va “So’gʻdvideo” studiyasining amaldagi qonunlarga rioya qilmagani uchun faoliyati taqiqlanib, litsenziyadan mahrum etilgan edi.

Tele va radio qoʻmita bergan maʼlumotga koʻra, hozir mamlakatda audiovizual mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha 90 ta davlat va xususiy radio va televideniye hamda studiyalar mavjud. Shulardan 13 ta televideniye va 10 ta radio davlatga qarashli. Mustaqil yoki xususiy telestudiyalar 33 ta, radiostudiyalar 22 ta, audiovizual mahsulotlar ishlab chiqaruvchi studiyalar 12 ta ekani aytiladi.

Kuzatuvchilar fikricha, Tojikistonda mustaqil televideniye va radiolar soni davlatga qarashli boʻlganlaridan ikki-uch hissa koʻp, ammo ularning aksariyati juda kichik va iqtisodiy jihatdan ham nochor ahvolda boʻlganligi uchun davlat targʻiboti bilan bellasha olmas edi, ammo yangi qoidalar mamlakatdagi ichki mediafazoni yana ham bir rangli va zerikarli boʻlishiga olib kelishi mumkin.

“Matbuot uchun bir xillik zerikarli holat. Turli-tumanlik, rang baranglik muhimdir. Ammo yangi qoidalar joriy etilishi bilan shundoq ham bir-birini takrorlab, zerikarli boʻlgan telekanallar battar zerikarli boʻladi. Davlat targʻiboti kuchayib, alternativ maʼlumot kamayadi. Bu holat shundoq ham televizor koʻrmaydigan yoshlarni internet olamiga yana chuqurroq shoʻngʻishiga olib keladi. Internetni nazorat qilish imkonsiz. Shuning uchun ham zamonaviy dunyoda yangi qoidalarni joriy etishdan oldin chuqurroq oʻrganish kerak”, - deydi tahlilchi Joʻrabek Mahmudov.

Unga ko’ra, televideniye va radio boshida turganlar hukumat foydasiga ish koʻramiz deya, aksincha, zarariga ishlab qoʻyishlari, yoshlarni mahalliy televideniyedan bezdirib, ularni internet orqali xorijiy axborotlar yoki ideologiya bilan oziqlanishiga sababchi boʻlishlari ham mumkin.

Tojikistonda mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (NANSMIT) raisi Nuriddin Qarshiboyevning aytishicha, “yangi qoidalarning joriy etilishi Televizion va radio qoʻmita tomonidan radio va televideniye sektorini samarali tarzda monopoliyalashtirish bilan tengdir”.

“Biz bu yangi qoidalarga qarshimiz va ularni bekor qildirish uchun sud orqali kurashamiz”, - Qarshiboyev.

“Media-alyans” mustaqil matbuotni himoya qilish guruhi bosh kotibi Abdumalik Qodirovning fikricha, hukumat qoʻmitasida mamlakatdagi barcha tele va radiostansiyalarga yangi qoidalar boʻyicha taʼsir oʻtkazish ehtimoli kam, ammo bu idora tanqidiy yoki o’ta mustaqil boʻlgan matbuot organlarilarga bosim oʻtkazish uchun richag vazifasini o’tashi mumkin.

“Bu holat bungacha ham tojik matbuoti orasida keng tarqalgan oʻz-oʻzini senzura qilish amaliyotining kuchayishiga olib keladi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan aksariyat mustaqil tele va radiostansiyalar bu qoidalarga qo’shilmaydi, ammo ular qoʻmita qaroriga ochiq norozilik bildira olmaydi, chunki buning uchun istalgan paytda “javob” berishi, istalgan paytda litsenziyadan mahrum boʻlishi mumkin”, - deydi Qodirov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG