Breaking News

Tojikiston: Xalqaro aloqalarda jonlanish bor, aholi hayoti hamon og'ir


Tojikiston dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri. Xorijdagi mehnat muhojirlaridan keladigan daromad mamlakat yalpi milliy mahsulotining salmoqli qismini tashkil etadi.
Tojikiston dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri. Xorijdagi mehnat muhojirlaridan keladigan daromad mamlakat yalpi milliy mahsulotining salmoqli qismini tashkil etadi.
Tojikistonda 2012-yil oddiy odamlar hayotida jiddiy bir o'zgarish sezilmadi. Ammo ziyolilarga ko'ra, davlatda yangilanish va rivojlanish bor. Kuzatuvchilarning ayrimlari o’tgan yilda G’arb bilan aloqalar iliqlashganini aytsa, boshqalar Rossiyaga e’tibor oshganini ta'kidlaydi.

Tojikiston 2012-yilda, Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:45 0:00
Yuklab oling

Aholi uchun 2012-yil Badaxshondagi notinchlik, yangi tunnel ochilishi, Rossiya bilan yangicha hamkorlik, G’arbga yaqinlashuv va mamlakatning Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga a’zo bo’lganligi bilan yodda qolmoqda.

Xalqaro diplomatiya sohasida o’qib, hozir tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan Mansurxon Axrorov Tojikiston uchun o’tgan yil yutuqlarga boy bo’lganini aytadi. U mamlakat janub va shimolini yil bo’yi bog'laydigan baland to’g yo’lida ochilgan Shahriston tunnelini ham g’urur bilan tilga oladi.

“Endi Tojikistonda ko’p sohalarda yangiliklar bo’ladi, qisqa fursatlarda yirik investitsiyalar kiritiladi. Yevropa Ittifoqi va Amerika bilan aloqalarimiz yanada rivojlanadi. Negaki, aynan G’arb davlatlarining ko’magi sabab Tojikiston obro’li savdo tashkilotiga kirdi, yangi texnologiyalar va texnika, sarmoya uchun yo’l ochildi. Biz tadbirkorlarning G’arbdan umidlarimiz katta”, - deydi u.

Joriy yil yoz va kuzida Badaxshonda kechgan qonli mojaro ham aholi yodida qoldi. Irrigator G’oyibjon Dadaboyev bu kabi hodisalar haqida gapirganda, davlat xavfsizligiga, demokratik jarayonlar himoyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, 2013-yilgi prezident saylovi bir sinov bo’ladi.

“Rivojlanish va taraqqiyotimizni ko’rolmaydiganlar bor, buzg’unchilar, terrorist guruhlar. Bu masalada Amerika chegara va harbiy qismlarimizga ko’rsatayotgan ko’mak ahamiyatli. Amerika qo’llayotgan Yangi Ipak yo’li loyihasi ham bizning savdo-sotiq ishlarimizga turtki beradi”, - deydi Dadaboyev.

Muxtor ismli tijoratchi nazarida 2012-yilda oddiy xalq uchun hech narsa o’zgarmadi. Balandparvoz gaplar safsatadan boshqa narsa emas, deydi u. Uningcha, turli qurilishlar, xalqaro tashkilotlarga a’zolik har qanday davlat hayotida ro'y beradigan oddiy ishlar.

“Bu yerda ba’zi gaplar bor, mikrofonga aytib bo’lmaydigan", - deydi u.

"Rossiyadan deyarli har kuni kelayotgan tobutlarni kim gapiradi? Sovuqda tunlari chiroqsiz qolganlarni-chi?” - deya so'raydi suhbatdosh.

Tojikistonda ikki yildan beri ishlayotgan, o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti faollaridan biri Rossiya bilan aloqalarning yaxshilangani va mehnat muhojirlari uchun ba’zi yengilliklar yaratilganini olqishlaydi.

“Negaki, aholi daromadining asosiy manbai mehnat muhojirligi va bozor bo’lib qoldi. Umidlar haqida gapirganda, har doimgidek, O’zbekiston bilan chegaralarning hech bir mone’liksiz ochilishi bizning armonimiz bo’lib qolmoqda”, - deydi o’zbeklar jamiyati faoli.

Hukumat aholi uchun turli jabhalarda ijobiy o'zgarishlar ro'y berayotgani va yangi-yangi ish joylari ochilayotgani haqida gapirishdan charchamaydi. Davlat idoralaridan birida ishlovchi Shokirjon Yoqubovning aytishicha, odamlarning hayotdan nolishi tabiiy hol. Aslida, boshqalarga qaraganda hayotimiz yaxshi, deydi u.

“Ishonasizmi, hozir nima istasangiz hammasi bor, faqat ishlash kerak. Ko’chalarga qarang, bozorlar to’la, ish degan e’lonlar to’lib yotibdi. Borsin, ishlasin, harakat qilsin”, - deydi u.

Hammaning fikri har xil. Hukumat faqat yutuqlar haqida gapirsa, oddiy aholi hanuz iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan qiynalayotganini aytadi. Barcha qatori, tojikistonliklar 2013-yilning yaxshiroq bo'lishini orzu qilmoqda.
XS
SM
MD
LG