Breaking News

Tojikiston energetik tizimlari qishga tayyor emas


Tojikiston qishloqlaridan birida
Tojikiston qishloqlaridan birida
Qashshoqlikka qarshi kurashni asosiy maqsad deb bilgan va kambag'al davlatlarga past foizda qarz beradigan Jahon Bankining ogohlantirishicha, Tojikistonda bu yil qish og’ir kechadi. Energetik taqchillik aholi hayotini yanada qiyinlashtirib, iqtisodiy zarari 200 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Har yili qahratonda Tojikistonda aholining 70 foizga yaqini toksiz qoladi. O’tin va ko’mir yoqib kun ko’rayotgan odamlar orasida turli kasalliklar keng tarqalar ekan, mamlakat sog’liqni saqlash tizimi vaziyatni nazorat qila olmaydi.

Elektr quvvati taqchilligini hal etish uchun zarur qarorlar qilinmayapti, deyiladi Jahon Banki chiqargan hisobotda. Birinchidan, sohaga katta sarmoya kiritish kerak. Ikkinchidan mavjud tarmoqlar yangilanishi lozim.

Barqi Tojik, davlat energetika ta’minot kompaniyasi, aholi talabini qondirishga qodir emas. Hukumat buni yaxshi biladi va prezident Imomali Rahmon parlamentga bu borada o’z takliflarini tanishtirgan.

Jahon Banki ularni olqishlagan holda hamkorlikda yangi reja ishlab chiqqan. U sakkiz yilni o’z ichiga oladi va jami 3,4 milliard dollar talab qiladi, yiliga 380 million dollarga yaqin. Mablag’ xalqaro tashkilotlar, donor davlatlar hamda xususiy sektordan kelishi kutilmoqda.

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul Robert Bleyk Jahon Banki rejasini azaliy muammo yechimi yo’lida jiddiy qadam deya baholab, hamkor davlatga bu borada yordam berishga tayyor ekanini aytmoqda. Qancha mablag’ beriladi, bu hozircha noma’lum.

Energetik sarmoya – kelajak uchun sarmoya, deydi Jahon Banki ekspertlari.

Tojikiston tokning katta qismini O’zbekistondan oladi, lekin oradagi siyosiy kelishmovchiliklar sabab ikki davlat hamkorligi so’nggi yillarda ancha orqaga ketdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG