2014-yil sarhisobini qilar ekan, Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan Tojikistonda xalqning asosiy qismi mamnun ekanini bildiradi. Ayrimlar uchun o’tayotgan yil yo’qotishlar, fojealar bilan esda qolayotgan bo’lsa ham, aksariyat mamlakatdagi obodonchilik ko’zga tashlanishini aytadi.
Mahalliy kuzatuvchilar Tojikiston 2014-yilni xalqaro sohada ishonchli hamkor, ichki siyosatda ustuvor barqarorlik va obodonchilikni rivojlantirgan mamlakat sifatida yakunlaganini ta'kidlashadi.
Dushanbelik jurnalist Taxmina Muhammadsaid Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining Dushanbeda o’tganini, poytaxtning 90 yillik yubileyi tantanalari yodda qolarlik bo’lganini tilga oladi.
“Yaqinda prezidentimizning agrar mamlakatimizni industrial-agrar mamlakatga aylantirish haqidagi taklifini barcha vatandoshlarimiz xursandchilik bilan qabul qildi. Vatanimizda biz, ziyo ahli uchun yana bir katta voqea bo’ldi, bu - oliygohlarga abituriyentlarning test-sinov uslubida qabul qilinganligidir. Ishongan talabalar hech qanday muammosiz va mablag’siz istagan oliygohlariga qabul bo’lganliklaridan mamnun”, - deydi.
Oliygohlarga kirish uchun joriy etilgan Milliy test tufayli oldinlari poytaxtda o’qishni xayoliga ham keltirmagan yoshlar o’tayotgan yilda talaba bo’lishgan. Chunki, masalan, meditsina oliygohiga kirish haqini ba’zilar 20 ming, huquqshunoslik va sharqshunoslikni 15 ming dollargacha baholashar edi. Milliy test tufayli esa birgina Spitamen nohiyasidan 10 talaba testlardan muvaffaqiyatli o’tib, meditsina oliygohiga joylashgan.
Tojikiston Milliy universiteti fizika fakulteti birinchi kurs talabalari Ehson Tojiboyev va Alisher G’oyibovlar hayotlarida 2014-yil yorqin iz qoldirganini aynan Milliy test tufayli deb aytishadi.
“Oldin hamma bilardi qandayligini, o’qishga bepul hisobi kirdik, markaziy Milliy test bu yil esda qoladigan bo’ldi. Yangi yilda esa vazifamiz faqat o’qish bo’ladi”.
“Yaxshi o’qiganimiz uchun prezident kvotasi bilan oliygohga bepul o’qishga kirganmiz. 2014-yil yaxshi yil bo’ldi, kamchilik yo'q. Hozircha hammasi yaxshi, bu yerga kelib tojik tilini o’rgandik”.
Joriy yil Tojikistonda 10 mingga yaqin sudlangan va sudlanayotganlar amnistiyaga tushib, javobgarlikdan ozod etildi, hukmlari qisqartirildi.
Saydullo Olimov ana shunday avf etilganlardan biri. Ammo u o’tgan yilni juda yomon, eslashni ham istamayman deb baholaydi. U singari Sharofat Olimova va Karomat Shohidovalar ham biron yangilik bo’lmadi deyishadi.
“E xudo, 2014-yilning biron yaxshiligi yo’q. Bilmasak endi, nimadan ham umid qilardik? Hayotda qanday yashayotgan bo’lsak, shunday qolaveramiz. Hech qanday umidimiz ham yo’q, narx-navoning ko’tarilgani yomon bo’lmoqda”.
Yuqoridagi taxlit fikrlovchilar bo’lsa-da, o’tgan yil Tojikistonda “Obod yo’llar yili” deb e’lon qilinib, respublikada uch ming kilometrga yaqin yo’llar asfaltlangani yoki qayta ta’mirlangani haqiqat.
Respublika janubida 60 ming ishchi o’rniga mo’ljallangan ulkan to’qimachilik kombinati qurilishi boshlandi. Unga xomashyo uchun paxtaga 15 ming gektar yangi yerlar o’zlashtirilishi rejalangan. Bu yerlarda ishlatish uchun Amerikadan yuzlab zarur texnika xarid etilib, yer boshiga keltirib qo’yilgan.
Muhandis Karimjon Mamunov aytadiki, bunyodkorlik butun Tojikiston bo’ylab ko’riladi.
“Hunad shahrida bilganim, shaharda juda ko’p yangi imoratlar qurilgan. Ko’rib turganingiz “Taj Siti” osmono’par bino, xuddi Yevropada yurgandek bo’lasiz. Bunaqa qurilishlar Dushanbeda ham, Xatlonda ham, Badaxshonda ham bor. Hali bundan ham zo’r bo’ladi, tinchu-omonlik bo’lsin”, - deydi u.
Poytaxtlik o’zbek jurnalisti Taxmina bahorda o’tadigan parlament va mahalliy hukumatlarga saylovlar, ziyolilarga hukumat e’tiborining ortishini yangi 2015-yilning e’tiborli jihati deb aytarkan, barchaga ezgu tilaklarini izhor etadi:
“Yangi yilingizda har biringiz archa misol hamisha ko’rkam, qorqiz kabi doimo quvnoq, qorbobodek abadiy sog’lom, qor misol pokiza qalbli bo’ling”.