Breaking News

Mulla Umar afg'on hukumati bilan muzokaralarni olqishlamoqda


Afg'on Toliboni rahbari Mulla Umar hukumat bilan muzokaralarni olqishladi. Uning aytishicha, jarayon ajnabiy kuchlarni Afg'onistondan chiqarishga yordam beradi. Tolibon mamlakatni xorijliklar bosgan deb, hukumat bilan 14 yildan beri jang qilib keladi.

"Ular ketgach, Afg'oniston haqiqiy islomiy davlatga aylanadi", deyiladi Mullar Umar bayonotida.

Unga ko'ra, muzokaralar istiloni bas qilishga, mamlakatda mustaqil islomiy tizim o'rnatishga qaratilgan.

"Biz afg'onlarning barcha haq-huquqlarini rasman tan olamiz, shu jumladan ozchilikdagi guruhlarnikini", - dedi Umar.

O'tgan hafta Islomobodda Afg'oniston hukumati va Tolibon delegatsiyalari uchrashgan. Majlisda AQSh va Xitoy vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

Prezident Ashraf G'anining aytishicha, muloqot 15 kun davomida o'tkaziladi, Tolibon o'z talablarini yozma ravishda taqdim etishi kerak. Muzokaralarning qayerda bo'lishi hozircha ma'lum emas.

Islomoboddagi uchrashuvda hukumat delegatsiyasini boshqargan Hoji Din Muhammadning aytishicha, toliblar xalqaro koalitsiya qo'shinlarining mamlakatda qolayotganiga, BMT tomonidan Tolibon yetakchilariga qo'yilgan viza cheklovlariga hamda asirga tushgan toliblarga nisbatan muomalaga e'tiroz bildirgan.

Pokiston razvedkasi rasmiylaridan birining aytishicha, Afg'oniston hukumati hozircha NATO qo'shinlarini mamlakatdan chiqara olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG