AQSh dehqonlari Xitoy qo'ygan tariflarning ta'sirini allaqachon seza boshlagan. Vashington Xitoyda ishlab chiqarilgan po'lat va alyuminiy importiga boj joriy etgach, Pekin qarshi choralarga qo'l urgan edi. Asosiy xavotir bu savdo urushining uzoq muddatli oqibatlari haqida.
Illinoyslik fermer Brayan Dankenning g'allasi o'rim uchun tayyor. Hosil yaxshi, ammo dehqon istiqboldan xavotirda.
Danken faqat g'alla ekmaydi. Uning fermasi har yili 70 ming bosh cho'chqa ham yetishtiradi.
"Cho'chqa go'shti bu yil foyda keltirishi kutilgan edi", - deydi u.
Lekin unday bo'lmaydi.
"Tariflar kuchga kirishi bilan cho'chqa go'shti Xitoyga bormay qoldi. Tayvanga ham ketmayapti. Boshqa yo'llar yo'q. Bozor yo'qoldi. Yetakchi universitet iqtisodchilari Xitoy bozoridan har bir boshga 4-5 dollar foyda qilishimizni aytgan edi. Endi 7-8 dollar zarar qilishimizni taxmin qilishyapti", - deydi fermer.
Ko'plab fermerlar foyda ko'rishi uchun eksport muhim. Xalqaro bozorga chiqishning qiyinlashishi esa moliyaviy muammolarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, Danken kabi cho'chqaboqarlarga.
"Dunyo aholisining 95 foizi chegaralarimiz tashqarisida. Ular bizga kerak. Bozor va savdo hamkorlari sifatida", - deydi fermer.
Savdo mojarolari davom etar ekan, ayni paytda Illinoys fermerlar byurosiga vitse-prezidentlik qilayotgan Danken yetishtirilgan har bir mahsulotidan zarar ko'rmoqda. Xavotiri esa borgan sari oshib bormoqda.
"Buning oldini olish mumkin edi. Nima bo'lishi oldindan ma'lum bo'lgan. Yaxshiroq yechim topish mumkin edi", - deydi u.
"Tariflar maxsus holatlarda yoki shartnoma jiddiy buzilganda qo'llanadigan so'nggi chora. Savdo kelishuvida olg'a siljish uchun ishlatiladigan qurol emas. Shu narsa fermerlarni hayratga soldi", - deydi Illinoys fermerlar byurosi rasmiysi Tamara Nelsen.
Tarixga qaralsa, AQSh mahsulotlari uchun bozorning yopilishi og'ir oqibatlarga olib kelgan.
"Har bir shunday holatda biz bozorni boy berganmiz yoki boshqa joyda shu mahsulotlar ishlab chiqarilishi kuchaygan va AQSh qishloq xo'jaligi bu bozorlarni qaytarib olishiga 20-30 yil kerak bo'lgan. Ba'zan hatto qaytarib ololmaganmiz", - deydi Nelsen.
Fermerlarning ahvoli shusiz ham og'ir edi.
"Oxirgi to'rt yilda turli sabablar bilan daromadimiz yarmiga kamaydi. Eksport bozorini boy bersak, osonlikcha yana shunchaga kamayishi mumkin", - deydi Danken.
Bu ketishda, deydi fermer, hukumat yordamiga muhtoj bo'lib qolamiz. Ayni paytda Vashingtonda qishloq xo'jaligi haqida yangi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.
Bunday beqarorlik keyingi saylovlarga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi.
"Hammasi iqtisodga bog'liq. Qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti kimga ovoz berishimni belgilaydi", - deydi Danken.
Bugungi dunyoni xalqaro savdosiz tasavvur qilib bo'lmaydi. AQSh dehqonlari uchun bunday imkoniyat kamayib borayotgandek.
Facebook Forum