Amerikaliklar hozir bug'doyni har qachongidan ham kamroq ekmoqda. Bunga narx-navo va iqlim kabi omillar sabab.
Ras Higinsning ota-bobolari Shimoliy Illinoysga 1858-yilda kelib o'rnashgan.
Bu yerda dehqonchilik 160 yil oldin boshlangan bo'lsa, shu paytgacha daladagi asosiy ekin bug'doy bo'lgan.
"Bu yilgi loviyani yig'ib olishimiz bilan, kelasi ikki-uch hafta ichida yangi ekinni ekamiz", - deydi Higins.
Ammo hozir bug'doy dalalari juda kam. Mavsum bo'lmagani uchun emas, balki ko'plab dehqonlar uni ekishni istamayapti.
"O'tgan 20 yil ichida Illinoys makkajo'xori va loyiya ekishga o'tib ketdi", - deydi dehqon.
Higins ham faqat yerining bir qismiga bug'doy ekdi. Daromad yomon bo'lmadi.
"Bu yil 23 sentner hosil oldik. To'g'risini aytganda, makkajo'xori va loviyadan ko'ra yaxshiroq bo'lyapti", - deydi u.
Dehqonning aytishicha, Shimoliy Illinoys iqlimi bug'doy uchun ideal emas. Uni yetishtirayotgan fermerlar soni kamayar ekan, xarajatlar oshmoqda.
"Yil bo'yi bozor topish oson emas. Hosilni yig'ishimiz bilan sotish uchun uch haftacha yaxshi imkoniyat bo'ladi", - deydi Higins.
Illinoys Bug'doy assotsiatsiyasi rahbari Jim Frelining aytishicha, global raqobatning kuchayishi AQSh bug'doylari uchun zarba bo'ldi.
"Rivojlanmagan davlatlar o'zlarini boqish uchun ko'p bug'doy ekishmoqda. AQSh bilan raqobatlashadigan davlatlar ko'payib ketdi", - deydi u.
Freliga ko'ra, dehqonlar o'tmishga qarab reja tuzadi.
"Ularning ko'pi 10-20 yil oldingi holatni eslashadi. Hosil sifati past bo'lgan va daromad keltirmagan. Ammo hozir o'g'itlash va kasalliklarni nazorat qilish bo'yicha boshqaruv texnikasi yaxshilangan. Illinoysda bug'doy ekish hozir yana daromadli ishga aylangan", - deydi u.
Daromadli bo'lganda ham, deydi dehqon Higins, bu faqat urug'ni almashtirishdek oson ish emas.
"Bir necha yil bug'doy ekmaganlar uchun hozir xatar yuqori. Makkajo'xori va loviya ko'proq barqaror ekinga aylangan", - deydi u.
Ammo makkajo'xori va loviyaning narxlari tushishda davom etsa, bug'doy ekishga qaytish dehqon uchun eng yaxshi yechim bo'lishi mumkin.
Facebook Forum