Breaking News

Fermerlar: Shimoliy Amerika savdo kelishuvi bekor qilinmasin


Amerika dehqonlari
Amerika dehqonlari

Avgust oyida AQSh Kanada va Meksika bilan tuzilgan Shimoliy Amerika Erkin savdo kelishuvini (NAFTA) qayta muzokara qilishni boshladi. Saylov paytida Donald Tramp shuni va'da qilgan edi. Ekspertlarning aytishicha, 1994-yilda imzolangan bitim AQSh qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportining oshishiga katta hissa qo'shgan. Dehqonlar yangi o'zgarishlarning salbiy oqibatlaridan xavotirda.

Ken Bek hozir AQShda dehqonchilik qilish xatarli ekanini aytadi.

"Tavakkal ish. Ortiq pul qilib bo'lmay qoldi", - deydi u.

Bekning aytishicha, makkajo'xori narxlarining tushishi va xarajatlarning oshishi tufayli besh yildan beri zararga ishlayapti. AQSh hukumati yordam qo'lini cho'zishi kerak, deydi u.

"Savdoni to'smasdan, yo'llarni ochsin", - deydi fermer.

Tramp ma'muriyati Trans-Tinch okeani bitimidan chiqishini e'lon qilgach, Bekning qishloq xo'jaligi mahsulotlariga talab oshishi haqidagi umidlari puchga chiqdi.

Shu bois u AQSh hukumatining NAFTAni ham qayta ko'rib chiqish qaroridan bezovta.

"G'alla va makkajo'xori uchun NAFTA juda yaxshi edi", - deydi u.

AQSh 2016-yil Meksikaga 2,5 milliard dollarlik makkajo'xori sotdi. Janubdagi qo'shnisi uchun u eng katta ta'minotchilardan biri.

Bu yil esa eksport hajmi kamaydi. Bek buning sababini raqobatda ko'radi.

"Meksika tarixda ilk bor Argentinadan makkaxo'jori oldi. Arzongami? Yo'q, ular nimagadir ishora qilishyapti", - deydi u.

Bekni xavotirlantirayotgan narsa Prezident Trampning NAFTAdan chiqishi mumkinligi haqidagi tahdidi. Bu kelajakni yanada mavhumlashtiradi.

"Hammada qo'rquv bor. Chunki noaniq bir vaziyatdamiz", - deydi fermer.

"Agar bitimdan chiqilsa yoki uni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishilmasa, bozorlar beqarorlashadi va dehqonning daromadi kamayadi".

Tamara Nelsen Illinoys dehqonchilik byurosidan. U ko'plab dehqonlarning yangi muzokaralardan shikoyat qilayotganini aytadi.

"Savdo va qishloq xo'jaligi eksportiga qarshi gap-so'zlar o'zgarib, muvaffaqiyatli natijaga erishamiz, deb umid qilamiz", - deydi u.

"Aql bilan ish ko'rishadi va o'zgarishlar katta bo'lmaydi, deb kutyapmiz", - deydi fermer Ken Bek.

Nima bo'lsa ham, deydi Nelsen, yangi kelishuvga tezroq erishish muhim.

"Kelasi yil Meksikada prezidentlik saylovi bor. AQSh, Kanada va Meksikada kelasi to'rt oy ichida biror natijaga erishisimiz mumkin, lekin keyin to'xtab qolishi ham mumkin. Umid shuki, hamma tomonlar harakat qilishi kerak", - deydi u.

Dehqon Bek muzokaralar tugashini kutyapti, chunki u vaqt o'tgan sari daromadini yo'qotyapti.

"Bir necha hafta ichida kelasi yil uchun qarorlar berilishi kerak", - deydi u.

Bekning xavotiri faqat bank hisobidagi kamayib borayotgan raqamlar haqida emas. Beqaror ob-havo ham doim uning xayolini o'g'irlagan muammolardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG