Mehmonxona narxlari osmonga chiqqan bir paytda Nyu-York shahriga tashrif buyurgan ko'plab sayyohlar kechasi tunashning arzon usullaridan foydalanmoqda. Masalan, bir kecha uchun 22 dollar haq to'lanadigan joylar bor. Bular furgon mashinalar va vagonlarda tashkil etilgan mehmonxonalardir.
Jonatan Pouli furgonini arzon yotoqxona qidirayotgan sayyohlarga ijaraga beradi.
"Aksariyati ochiq joyda tunashni yoqtiradigan odamlar. Kelganlarida toza choyshablar beraman; gullar, tashakkur xati, suv yoki sharbat ham qo'yaman. Kichik uycha bo'ladi. Xohlaganlaricha turishlari mumkin", - deydi u.
Manxettendagi mehmonxonalarning o'rtacha narxi 250 dollar atrofida. "Airbnb" saytidan esa 22 dollarli furgon-otellarni topish qiyin emas. Tinch va ajoyib manzaraga ega hududda Pouli shu paytgacha 400 dan ortiq mijozga xizmat ko'rsatganini aytadi.
"Dunyo bo'ylab bir yillik sayohatga chiqqan germaniyalik ikki talabaga xizmat ko'rsatdim. Ona va boladan iborat ikkita sayyoh ham bor. Ikki kundan keyin oila qurganining 40 yilligini nishonlayotgan ikki mehmon shu yerda tunamoqchi", - deydi furgon egasi.
Ammo kichik uychada hojatxona, elektr toki va suv kabi asosiy xizmatlar yo'q. Ayrimlarga shunisi yoqmaydi.
"Bepul bo'lsa ham, "Empire State" binosining tomiga bepul olib chiqsa ham ishim yo'q. Hojatxonasi bo'lmasa, hech qachon turmayman. Biz ayollarga busiz bo'lmaydi", - deydi sayyohlardan biri.
Ammo narxiga qiziqib rozi bo'layotganlar ko'p.
"Agar sayohatga kelsam, jon deb rozi bo'lardim. Ayniqsa, talabalar uchun yaxshi. Bu imkoniyatni qo'ldan bermagan bo'lardim", - deydi Turkiyadan kelgan sayyoh.
"Menga furgon kifoya qiladi. Qayerdaligini aytsangiz bo'ldi, boraman", - deydi angliyalik yana bir mehmon.
Vagonda uxlash Nyu-Yorkka sayohat uchun kelgan hammaga ham ma'qul emas. Ammo ayrim sarguzasht ishqibozlarini arzon narxi va g'ayritabiiyligi o'ziga tortmoqda.