Breaking News

Tiananmen fojeasidan 25 yil o'tib Xitoy matbuoti hanuz tazyiq ostida


Tiananmen maydonidagi fojeaning 25 yilligi xotirlanmoqda (2-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Xitoy poytaxtidagi Tiananmen maydonida yuz bergan fojeaga 25 yil to’ldi. O’sha kuni yaqinlarini boy bergan odamlar ongida bu mash’um voqea hanuz kechagidek mavjud bo’lsa-da, Xitoy matbuotida, odatda, tilga olinmaydi. 1989-yilgi namoyishda aholi matbuot erkinligini talab qilgan edi. Oradan chorak asr o’tishiga qaramay bu talab hanuz bajarilgani yo’q.

1989-yilgi namoyishda talabalar safiga jurnalistlar ham qo’shilgan edi. Ular “Bizni aldashga majburlamang!” deb yozilgan shiorlarni ko’tarib chiqqan.

Tiananmen maydoni namoyishlarini o’sha paytda islohot tarafdori bo’lgan ayrim matbuot vakillari erkin yoritishga harakat qilgan.

Gonkonglik Lyu Rishao namoyishni Pekindan turib yoritgan jurnalistlardan biri. Uning aytishicha, 1987-yilgi partiya Kongressida rahbarlarning o’zi erkin matbuotni targ’ib qilib chiqqan.

“Yetakchilar odamlarni muhim voqealardan xabardor qilishga va bu haqda fikr almashishga undovchi bayonotlar chiqargan edi. Muhit ancha ochiq bo’lgan va ommaviy axborot vositalari ham juda faol edi”, - deydi u.

4-iyun kuni namoyishning zo’ravonlik bilan bostirilgani Kommunistik partiyada hech qanday o’zgarish bo’lmaganini ko’rsatdi.

Matbuot erkinligini yoqlab chiqqan rahbarlar ovozi o’chirildi, bu haqda tayyorlangan qonun loyihasi loyihaligicha qolib ketdi.

Hukumat davlat matbuoti orqali demokratik harakatlarga qarshi kurash boshladi. Namoyishchilar yonini olgan ko’plab jurnalistlar qamaldi yoki ishdan haydaldi.

Oradan 25 yil o’tib Xitoy bugun dunyoning eng katta internet va ommaviy axborot vositalari bozoriga aylangan. Hukumat senzurasi mavjudligiga qaramay, internet asosiy axborot almashish maydoni vazifasini o’tamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar nozik siyosiy mavzularda bahs yuritib, korrupsiyaga aloqador rasmiylarni omma oldida fosh qilishga urinadi.

Gonkonglik jurnalist Chin Chonning aytishicha, ziyolilar va oddiy fuqarolar orasida yaqingacha internet ozodlikka olib chiqadi, degan qarash bor edi.

“Ammo bunday bo’lmasligi aniq. Chunki Xitoy prezidenti Si Zinpin yaqinda kiberxavfsizlik bo’yicha milliy komissiya tashkil etish haqida buyruq berdi. U, shuningdek, o’tgan yilgi nutqida internet milliy xavfsizlik uchun tahdid manbaiga aylanganini aytgan edi”, - deydi Chon.

Shunga qaramay, davlat senzurasiga qarshi bosh ko’tarayotgan jurnalistlar ko’p.

O’tgan yili konstitutsiyaviy islohotlarga chaqirgan maqola Kommunist partiya senzurasidan o’tmagach, “Southern Weekly” jurnali tahririyati norozilik namoyishi o’tkazdi.

“O’tgan 25 yil davomida matbuot erkinligi bo’yicha siyosat o’zgargani yo’q. Lekin oddiy odamlar, jurnalistlar, ziyolilar hamda talabalar orasida so’z erkinligiga bo’lgan umidlar oshib bormoqda”, - deydi jurnalist Lyu Rishao.

Rishaoning ta’kidlashicha, yangilik ustidan rasmiylar monopoliyasining davom etishiga matbuot vakillari va odamlar ortiq yo’l qo’ymaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG