Breaking News

HRW Pekinni Tiananmen voqealarini xotirlashga chaqirmoqda


Pekindagi Tiananmen maydoni
Pekindagi Tiananmen maydoni

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti Xitoy hukumatini 26 yil oldin qatliom ro'y berganini va hukumatning o'zi unga mas'ul ekanini tan olishga chaqirmoqda. Pekindagi Tiananmen maydonida talaba namoyishchilarning kuch bilan bostirilgan. "Human Rights Watch" qamoqdagi faollarni ozod etishni ham so'ramoqda.

Inson huquqlari tashkiloti Xitoy hukumatini tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatganlikda ayblamoqda. Guruhning Xitoydagi vaziyatni o'rganuvchi bo'limi rahbari Sofi Richardsonning aytishicha, Pekin o'sha harakatlarini haligacha to'g'ri deb biladi.

"Hukumat xato ish qilganini tan olib, qurbonlar oila a'zolariga tovon to'lamas ekan, kelajakda ham namoyishlarga shunday javob berish xavfi bor", - deydi Richardson.

1989-yilning 3-4- iyun kunlari harbiylar namoyishchilarga qarata o'q otgan. Qurbonlarning soni aniq emas. Faollar bilan birga namoyishni tomosha qilib turgan odamlarning ham nobud bo'lgani aytiladi. Shundan so'ng ayrim fuqarolar Pekinda harbiylarga hujum qilgan, mashinalarni yoqgan. Ko'rilgan choralar natijasida mamlakat bo'ylab minglab odamlar hibsga olinib, aksilinqilob va boshqa jinoiy ishlarda ayblangan.

Xitoy matbuotida shu kungacha Tiananmen voqealarini tilga olish man etiladi, mahalliy internet qattiq nazorat ostida.

Hukumat Milliy xavfsizlik komissiyasiga asos solib, unga ijtimoiy barqarorlikni muhofaza qilish vazifasini yuklagan. Bu esa oddiy til bilan aytganda tanqidiy qarashlarni bostirish degani.

"Human Rights Watch"ning Kommunistik partiyaning ichki hujjatlariga tayanib bildirishicha, mamlakat rahbariyati matbuot erkinligi, demokratiya va boshqa umumbashariy qadriyatlarni partiya hukmronligiga tahdid deb biladi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi Pekinni Tiananmen voqealariga aloqador mahbuslarni ozod etishga, xotira tadbirlarida qatnashmoqchi bo'lganlarni ta'qib etmaslikka chaqirdi.

"Qo'shma Shtatlar Xitoy hukumatini inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilishga qaratilgan xalqaro majburiyatlariga rioya qilishga da'vat etadi", - dedi Kirbi.

Bugun Gonkongda qonli voqealar xotirlandi. Minglab odamlar Gonkongning Viktoriya bog'ida to'planib, Tiananmen maydonida nobud bo'lgan faollar ruhiga sham yoqdi.

Xitoyda vatanparvar demokratik harakatlar alyansi raisi o'rinbosari Richard Choyning aytishicha, Gonkongdagi yangi avlod adolat yo'lida g'ayrat qilishga tayyor.

"Gonkongliklar 1989-yilda nima bo'lganini juda yaxshi bilishadi. U voqealar yangi avlod uchun, talabalar uchun yaxshi saboq bo'ldi. Ular demokratiya va ozodligi uchun kurashda jonini fido qilishga tayyor", - dedi Choy.

1989-yil voqealari Gonkongda ham takrorlanishi mumkinligini o'shanda yaxshi tushunishgan, deydi Gonkong shahar universiteti professori Jozef Chen.

"Xitoyga bog'liq ekanimizni yaxshi tushunamiz. Gonkong va Xitoy o'rtasidagi iqtisodiy integratsiya xalq turmushini yaxshilay olmadi, biroq Pekinning avtoritar siyosatini kun-sayin his etyapmiz, natijada Gonkongda demokratiya taraqqiy etmay qo'ydi. Bu holat bizning asosiy qadriyatlarimiz, turmush tarzimizga salbiy ta'sir qilmoqda va Gonkongdagi yoshlar Xitoy hukumatidan nafratlana boshlagan", - deydi professor.

"Human Rights Watch" tashkiloti Xitoyni Tiananmen voqealarining 26 yilligini xotirlashga, 4-iyun qatliomi bo'yicha hukumat pozitsiyasidan farqli fikr bildirganlarni ta'qib etmaslikka, uyushish erkinligi bilan ta'minlashga, qatliomni mustaqil ravishda tergov qilishga ruxsat berishga va tergov natijalarini e'lon qilishga, 1989-yil voqealariga aloqadorligi uchun mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan fuqarolarga vataniga qaytishga imkon berishga, tinch aholiga qarshi qurol ishlatgan harbiylar yoki bunga buyruq bergan rasmiylarni javobgarlikka tortishga, qurbonlar ismlarini oshkor etishga ham chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG