Prezidentlikka saylangan Donald Tramp davlat kotibi lavozimiga Reks Tillerson nomzodini taklif qilgan. U shu hafta Kapitoliyda qonunchilar tomonidan savol-javob qilindi.
Tillerson Rossiyaning xatti-harakatlari xavfli ekanini, Xitoy bilan munosabatlarda yangicha yondashuv zarur ekanini ta'kidladi.
"Exxon-Mobil" kompaniyasining sobiq raisi Reks Tillerson asosan Rossiya bilan aloqalar bobida so'roq qilindi. "Exxon" rahbari lavozimida u rus neft kompaniyalari bilan muzokara olib borgan. Amerikaga qarshi xakerlik hujumi qilgan, AQSh ittifoqchilariga zug'um qilgan bu davlat bilan qanday muomala qilasiz, deya so'radi senatorlar.
"Moskva bilan umumiy manfaatlar yo'lida, xususan, global terror tahdidi bilan olishish bobida hamkorlik qilsa bo'ladi. Fikrimiz bir joydan chiqmagan masalalarda AQShning va ittifoqchilarning manfaatlarini himoya qilishimiz lozim", - dedi Tillerson.
Vashington va Pekin aloqalariga to'xtalar ekan, u Xitoy ochiqroq siyosat olib borishi kerak, dedi.
"Xitoy bahsli Janubiy Xitoy dengizida noqonuniy ravishda, xalqaro normalarni pisand qilmagan holda qurilish ishlari olib borayapti. Pekin o'z iqtisodiy va savdo amaliyotlarida doim ham xalqaro bitimlarni inobatga olmaydi. Intellektual mulkimizni o'marib, xakerlik hujumlariga zo'r berayapti", - deydi bosh kotiblikka nomzod Tillerson.