Donald Tramp 20-yanvar kuni AQShning 45-prezidenti sifatida qasamyod keltiradi. Ayni paytda Tramp jamoasi hokimiyatni qabul qilib olishga hozirlanmoqda.
Bir rahbardan ikkinchisiga hokimiyatni tinch yo'l bilan o'tkazish AQSh demokratiyasining ustunlaridan biri.
G'alabasi ketidan Donald Tramp amaldagi davlat rahbari Barak Obama bilan uchrashdi. Har ikki arbob o'zaro hamkorlik qilishga so'z berdi.
"Siz muvaffaqiyat qozonishingiz uchun hamma narsani qilamiz. Chunki bundan davlat muvaffaqiyat qozonadi", - dedi Obama.
"Janob prezident, siz bilan uchrashishdan sharaf tuydim va kelajakda yana ko'p boruchrashamiz, deb umid qilaman", - dedi Tramp.
Hokimiyatni yangi rahbarga topshirish murakkab jarayon. Shunga qaramay, Tramp mamlakat bo'ylab kezib, tarafdorlariga minnatdorchilik bildirishga ham ulgurdi.
Tramp hukumatga siyosatdan uzoq odamlarni taklif qilish orqali ham an'anani buzdi. Masalan, "ExxonMobil" neft kompaniyasi rahbari Reks Tillersonni davlat kotibi, "Goldmen Saks"ning sobiq rahbari Stiven Mnuchinni esa moliya vaziri lavozimlariga tavsiya qildi.
Tramp, ayni paytda, "Twitter" orqali o'z uslubiga xos ravishda keskin va qo'pol bayonotlarini bildirishda davom etmoqda. Razvedka idoralari hisobotlarini nazarga ilmay, u AQShga uyushtirilgan xakerlik hujumlarida Rossiyaning qo'li borligini inkor qildi.
Hukumat uchun taqdim etilgan ayrim nomzodlar shaxsi bahsli bo'lsa-da, kuzatuvchilar yangi ma'muriyatning shu oy oxirida ish boshlashiga ishonadi.
"O'tish davrida ilgari kuzatilmagan ko'p holatlarga guvoh bo'ldik. Shunga qaramay, vazirlar tanlanyapti, hammasi joyida. Ammo bu muvaffaqiyat garovi emas. Tramp inauguratsiya kuni ishga tayyor jamoasi bilan hozir bo'lishi kerak", - deydi prezident hokimiyati almashinuvi bo'yicha markaz direktori Deyvid Igls.
AQShning navbatdagi prezidenti qasamyod keltirishga tayyorlanar ekan,Vashington hozir hammaning diqqat markazida.