Breaking News

Tillerson rohinja inqirozini gaplashish uchun Myanmaga bordi


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson (chapda) Myanma yetakchisi Au San Su Chi bilan, 15-noyabr,2017-yil.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson (chapda) Myanma yetakchisi Au San Su Chi bilan, 15-noyabr,2017-yil.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson rohinja qochoqlari taqdirini muhokama qilish uchun Myanmaga keldi. Shu masalada u mamlakat yetakchisi Au San Su Chi va armiya qo'mondoni bilan muzokaralar olib bormoqda.

Au San Su Chi bilan o'tkazilgan matbuot konferensiyasida Tillerson rohinja musulmonlariga qarshi sodir etilgan zo'ravonliklar yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazish maqsadga muvofiq bo'lishini aytdi.

"Rakxayn shtatidagi inqiroz Myanma o'tgan yili yangi hukumat saylangandan beri yuzlashayotgan eng katta muammolardan biridir. Rakxayn shtatidagi zo'nggi xurujlarda Myanma xavfsizlik kuchlari va ular nazorat ostiga olmagan bosqinchilar tomonidan keng miqyosli zo'ravonliklar sodir etilgani haqidagi xabarlardan qattiq tashvishdamiz. Yuz minglab erkaklar, ayollar va bolalar qochishga majburlanganidan ham xavotirdamiz", - dedi Tillerson.

Tillerson armiya qo'mondoni Min Au Hlang bilan ham uchrashdi. Rohinja qishloqlariga o't qo'yib, ko'plab odamlarni o'ldirish kampaniyasi ortida aynan harbiylar turgani aytiladi.

Rakxayn shtatidagi voqealar tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori va demokratiya kurashchisi sifatida tanilgan Au San Su Chining obro'siga ancha putur yetkazdi. Chunki u zo'ravonliklarni qoralashni va oz sonli rohinja elatini himoya qilishni istamadi.

Mamlakatda harbiylar ta'siri kuchli bo'lgani uchun G'arb hukumatlari shu paytgacha Au San Su Chini ochiq va keskin tanqid qilishdan tiyilib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG