AQSh Prezidenti Donald Tramp fikricha, Rossiyani Katta Yettilikka, yetakchi davlatlar qatoriga qayta taklif etish kerak. Rossiya 2014-yilda Qrimni bosib olganidan so'ng bu guruhdan haydalgan edi.
Katta Yettilikning Italiyadan tashqari barcha a'zolari bu taklifga qarshi. Bu ular Tramp bilan kelishmayotgan mavzulardan bittasi xolos.
Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskov esa "bizning e'tiborimiz Katta Yettilikda emas", deya javob qaytardi.
Katta Yettilikka Kanada, AQSh, Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Germaniya a'zo.
Sammit oldidan AQSh va boshqa davlatlar rahbarlari achchiq so'zlar almashdi. Kanada, Meksika va Yevropa Ittifoqi Trampning savdo siyosatidan, po'lat va alyuminiyga tariflarni oshirayotganidan norozi. AQSh iqtisodiyotiga ziyon yetkazayotgan adolatsiz savdo kelishuvlarini qayta ko'rib chiqishimiz shart, deydi Amerika prezidenti.
Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Task Trampning savdo, iqlim va Eron bo'yicha pozitsiyalarini xavfli deb ta'riflaydi.
"Qonun-qoidalar asosidan qurilgan xalqaro sistema barbod bo'layapti. Eng qizig'i, bu sistemaning asoschisi va kafili tomonidan", - deydi Task.
Kanada bosh vaziri va Fransiya prezidenti Tramp bilan yuzma-yuz muloqotda tushuntirish talab qilmoqchi. Meksika, Kanada va Yevropa Ittifoqi javob tariqasida AQSh mahsulotlariga bojni oshirgan.
Twitter tarmog'ida bu borada kechgan so'z urushidan keyin Oq uy Prezident Tramp sammitni ertaroq tark etishini e'lon qildi. 9-iyun kuni u Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashish uchun Singapurga uchadi.
Facebook Forum