Prezident Donald Tramp ikki yangi neft quvuri barpo etishga ruxsat beruvchi hujjatga imzo chekdi. Oldingi rahbar Barak Obama global iqlimdagi salbiy o’zgarishlardan xavotirlanib, bu loyihalarni chetga surgan edi.
Tramp Oq uyga kelishi bilanoq tabiatparvarlarning ko’nglini xira qildi. Iqlimdagi o’zgarishlar, uning fikricha, iqtisodiy imkoniyatlarga to’siq emas.
“Bu quvurlarni qura boshlaymiz. Ish o’rinlari yaratadi. 24 ming yangi ish” , - deydi Tramp.
Yangi rahbar bu borada shoshmay qaror qilishi kerak edi, deydi ekologlar. Lekin Tramp bu borada oldindan ogohlantirgan edi. Sanoatlarga qo’yilgan cheklovlar birin-ketin olib tashlanadi va global iqlim taqdiri bu davlat uchun dolzarb bo’lmay qoladi, degan xavotir kuchli. Obama iqlim kelajagi ustuvor masala der edi, Tramp bu qarashdan yiroq.
Atrof-muhit muhofazasi uchun kurashib kelayotgan faol Keti Kollintin norozi:
“Oq uy saytiga kirsangiz, iqlimdagi salbiy o’zgarishlar va AQSh bu borada nima qilishi kerakligi haqidagi ma’lumotlar olib tashlangan. Lekin bu bilan muammo yo’qolib qolmaydi”, - deydi Kollintin “Skype” orqali suhbatda.
Yangi ma’muriyat bu masala bo’yicha yangi loyihalar boshlashni to’xtatib, mablag’ ajratishni, Atrof-muhit muhofazasi bilan mashg’ul agentlikning bu boradagi faoliyatini cheklamoqda, degan shikoyatlar yangramoqda.
Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser tekshiruv ketayotganini tasdiqladi:
“Yangi ma’muriyat amaldagi loyihalarni birma-bir ko’rib chiqishi tabiiy. Siyosat albatta o’zgaradi. Biror cheklovlar qo’yilgani yoki biror dastur to’xtatilgani borasida hozircha biror narsa deyolmayman”.
Tramp fikricha, AQSh mahalliy neft va gazga tayanishi iqtisod uchun ulkan foyda bo’ladi. Oq uy nazarida iqlim kelajagi xavf ostida emas.
Ekologik tashkilotlar, tabiatparvarlar va faollar bu munosabatga qarshi katta harakat boshlamoqda.