Breaking News

Trampning Kongressga murojaati: nutq tafsilotlari blogimizda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongressning har ikki palatasi qo'shma majlisida qonunchilarga murojaat qildi. Voqea tafsilotlarini shu yerda kuzating.

Kongressga muhojirlar ham taklif etildi

​Amerika rahbari Donald Tramp bugun AQSh Kongressida nutq o'qiydi. Yangi prezidentlar uchun bu yillik an'ana. Marosimda Vakillar palatasi va Senatdagi qonunchilar, hukumat rasmiylari hamda mehmonlar ishtirok etadi.

Ayrim demokrat qonunchilar majlisga muhojirlarni va xorijliklarni ham taklif qilgan. Ular orasida Michiganning Flint shahrida bolalar qonidan zaharli modda topgan iroqlik doktor, Rod-Aylend shtatida muhtojlarga ko'mak ko'rsatuvchi pokistonlik yana bir doktor hamda falastinlik qochoqlarning farzandi bor.

Har bir qonunchi o'zi bilan bir mehmonni olib kelish huquqiga ega. Odatda, bu taklif qonunchilarning oila a'zolariga, yaqinlariga beriladi. Bu yil demokratlar Prezident Trampning muhojirlarga qarshi olib borayotgan siyosatiga norozilik belgisi sifatida muhojirlarni taklif etishga qaror qilgan.

Masalan, kaliforniyalik demokrat qonunchi Jyudi Chu eronlik talaba Sara Yarjanini taklif etgan. Tramp e'lon qilgan va sud tomonidan to'xtatib qo'yilgan qarorda 7 musulmon davlatdan muhojirlarni qabul qilishni taqiqlash ko'zda tutilgan edi. Bu davlatlar orasida Eron ham bor. Yarjani talaba vizasi bo'lishiga qaramay, Los-Anjeles aeroportida to'xtatilib ortiga qaytarilgan edi. Sud Tramp farmonini to'xtatgandan so'ng u AQShga qaytib kirgan.

Kongressga taklif etilgan muhojirlardan yana biri, AQSh harbiylariga tarjimonlik qilgan iroqlik Hamid Darvish ham Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi aeroportida 18 soat hibsda ushlab turilgan.

Oq uyning ma'lum qilishicha, Tramp o'z nutqida o'z oldiga qo'ygan rejalari hamda kelajak haqida gapiradi. Prezident umid va ishonchga urg'u beradi, deydi uning ma'muriyati vakillari.

Nutqda qaysi mavzular tilga olinadi?

Prezident Tramp nutqida byudjet mavzusiga alohida e'tibor qaratilishi kutilmoqda. Joriy yil uchun e'lon qilingan hisob-kitobga ko'ra, tashqi yordam va ayrim mahalliy dasturlar qisqartirilib, harbiy sohaga mablag' oshiriladi.

Bundan tashqari, sog'liqni saqlash tizimiga oid o'zgarishlar hamda soliq islohoti haqida ham so'z borishi taxmin qilinyapti.

Tramp hokimiyatga kelishi bilan Barak Obama davrida qabul qilingan sog'liqqa oid qonunni bekor qilishga va uning o'rniga yangisini qabul qilishga va'da bergan. Aholi va demokrat qonunchilar orasida bu o'zgarishlarga qarshilik kuchli.

Tashqi yordam dasturlarining qisqartirilishi ham siyosatchilar va diplomatlar noroziligiga sabab bo'lmoqda. Bunday fikrdagilar orasida hatto harbiylar ham bor. 120 dan ortiq iste'fodagi AQSh generali Kongressdan tashqi yordam va diplomatiya dasturlariga mablag'ni kesmaslikni so'ragan.

Tramp ma'muriyati bugun e'lon qilgan byudjet loyihasiga ko'ra, Pentagonga beriladigan moliyaviy ko'mak miqdori 54 milliard dollarga oshiriladi. Bir qator mahalliy dasturlar esa qisqartirilib, Davlat departamenti va Atrof-muhitni himoya qilish agentligiga beriladigan mablag' kamaytiriladi.

Nutqda immigratsiya masalasi ham muhim mavzulardan biri bo'ladi. Obama muhojirlar sonini kamaytirish, noqonuniy immigrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish yo'lida amaliy harakatlarni boshlagan. Meksika bilan chegarada devor qurish, asosan, musulmonlar yashovchi yetti davlatdan muhojirlarni kiritmaslik qarori allaqachon shov-shuvlarga sabab bo'ldi.

Tramp Kongressga murojaatida bundan buyon immigratsiya siyosati qanday bo'lishiga oydinlik kiritadi.

Qonunchilar Kongressga yig'ildi

Vashington vaqti bilan 21:00 da AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongressning har ikki palatasiga murojaat qiladi. Oq uy rasmiylarining aytishicha, Trampning qonunchilar oldida o'qiydigan ilk nutqi haqiqiy odamlar uchun muammolarning haqiqiy yechimini taklif etishga qaratiladi.

"Prezident xalqqa qarata yordam yaqin ekanini aytadi", - dedi prezident ma'muriyatining yetakchi vakillaridan biri.

Trampning nutqi "Amerikacha ruhni yangilash" deb nomlanadi. Unda, asosan, Amerika xalqini himoya qilish va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish haqida so'z boradi.

Murojaatda tashqi siyosatga oid ayrim masalalar tilga olinsa-da, alohida mamlakatlar nomi tilga olinishi kutilmayapti. Lekin Tramp nega 12 mamlakatni o'z ichiga oluvchi Trans-Tinch okeani savdo bitimidan chiqishga qaror qilganini izohlab berishi mumkin. Ushbu bitimga erishish uchun Obama ma'muriyati Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari bilan uzoq yillar muzokara olib borgan edi.

Tramp Kongressda

AQSh Prezidenti Donald Tramp qonunchilar orasida
AQSh Prezidenti Donald Tramp qonunchilar orasida

​AQSh Kongressining har ikki palatasi Prezident Donald Trampni olqishlar bilan kutib oldi. Uzoq qarsaklar ortidan minbarga chiqqan AQSh rahbari o'z nutqini yahudiy jamoalariga qarshi yuz bergan tahdidlarni qoralashdan boshlab, yovuzlik va nafratga qarshi hali qilinadigan ishlar ko'p ekanini ta'kidladi.

"Amerika xalqiga bergan va'damizning ustidan chiqamiz. Amerika infratuzilmalarini qayta quramiz", - dedi u.

Trampning aytishicha, prezidentlikka saylangandan beri ko'plab AQSh kompaniyalari Amerika iqtisodiyotiga milliardlab dollar sarmoya kiritishga va minglab yangi ish o'rinlarini yaratishga va'da bergan.

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG