Breaking News

Tramp ham, demokratlar ham 2020-yilgi poygaga tayyorlanmoqda


Saylov-2020: Tayyormisiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00

Amerikada kelasi prezident saylovlariga ikki yildan oshiq vaqt bor, ammo Donald Tramp allaqachon ikkinchi muddatga harakat qilish niyatida. Mamlakatning yarmidan ko’pi uning siyosatidan norozi. Demokratlar 2020-yilgi poygaga shay.

Prezident Tramp Indiagana shtatida tarafdorlari bilan uchrashib, bo’lajak saylovni tilga oldi.

“2020-yilgi shiorimizni aytaymi? Amerika buyuk bo’lib qolsin!”, - deydi u.

Lekin avvalo kuzda bo’ladigan Kongress saylovlaridan o’tib olish kerak. Muxolif Demokratik partiya ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritishi kutilmoqda.

“Ish o’rinlari yaratish, xavfsizlik, harbiy sohadagi muvaffaqiyatlarimiz… saylov natijasi bularning hammasiga ta’sir ko’rsatadi", - deydi prezident.

Yaqinda poytaxt Vashingtonda o’tgan konferensiyada Demokratik partiyaning ko’zga ko’ringan arboblari, xususan prezidentlikka ehtimoliy nomzod Elizabet Vorren ham so’zladi.

Uning aytishicha, Vakillar Palatasini ham, Senatni ham respublikachilardan tortib olish oson bo’lmaydi.

“Bu prezident va unga ergashayotgan Respublikachilar partiyasi mamlakatimiz demokratiyasini yemirishmoqda. Millionlab amerikaliklar bundan g’azabda, ham qo’rquvda. Bunga aslo ko’z yuma olmaymiz”, - deydi Vorren.

Yana bir ehtimoliy nomzod, nyu-yorklik senator Kirsten Jilibrand fikricha, bu yilgi saylovda ayollar har qachongidan aktiv qatnashadi.

“Vakillar Palatasi va, umid qilamizki, Senat ham demokratlar qo’liga o’tadi, chunki butun mamlakat bo’ylab kuchli ayol nomzodlar katta sonda siyosatga kirmoqda. Ularni quvvatlab turgan ayol faollar ham kurashga tayyor”, - deydi senator.

Minnesota senatori Eymi Kloubusharni ham ko’pchilik prezidentlikka harakat qilishga undamoqda. Unga ko’ra, Trampni yomonlash bilan ish bitmaydi.

“Trampning begunoh insonlarni tanqid, masxara qilishi hech kimga yoqmaydi. Lekin u qanday qilib Oq uyga kelib qolgani haqidagi bahslarni to’xtatish kerak. Uni saylab bo’lishdi, endi unga alternativ nomzodlarni olg’a suraylik”, - deydi qonunchi ayol.

Odatda prezidentning ikkinchi yilida uning partiyasi Kongress saylovlarida yutqazadi, deydi tahlilchi Jon Fortye:

“Aholining bir qismi Trampni so’zsiz qo’llab-quvvatlaydi, lekin unga qarshi tomon bu yili saylovni qoldirmaydi. Demokratlar katta sonda Trampning partiyasiga qarshi ovoz bermoqchi. Muxolifat kuch-g’ayratga to’la”.

Biroq demokratlar oldida ham muammolar talay. 2016-yilda Hillari Klintonga va Berni Sandersga ovoz bergan fuqarolar va guruhlar birlashishi lozim.

“Demokratik partiya o’tgan ikki yilda biror yaxshi taklif bilan chiqqani yo’q. Partiyaning ashaddiy so’l qanoti bilan kelishmovchiliklar ham bor”, - deydi sharhlovchi Deyvid Abraham.

Prezident saylovigacha hali qancha vaqt bor, lekin Tramp ham, uning o’rnini egallashga shay turgan demokratlar ham kurashga shay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG