Donald Tramp Oq uyga saylansa, biznesidan butkul tark etib, vaqt va quvvatini faqat rahbarlikka sarflashga va'da bergan edi. Qonunan, prezident boshqaruvdan boshqa ish bilan shug'ullanmasligi kerak. Manfaatlar to'qnashuvi degan tushuncha Amerikada jiddiy qabul qilinadi. Tramp o'z biznes imperiyasini bolalariga topshirgan.
Prezidentlikka kelganiga ikki oy bo'ldi, lekin Tramp bergan so'zini to'liq bajarmadi, deydi Noa Bukbinder, Mas'uliyat va etik javobgarlikni kuzatuvchi tashkilot rahbari.
Ko'plab arboblar deydiki, Tramp mavjud sarmoyalaridan ham o'zini uzoqlashtirishi lozim. Prezident fikricha esa bunday talab asossiz va adolatsiz, chunki uni milliarder ekani uchun jazolashga harakat qilishmoqda.
"Prezidentlikkacha qilgan sarmoyam uchun javobgarlikka tutishmoqda meni:, - deydi u.
Gap bu yerda prezidentga nisbatan ishonchsizlikda. Xo'sh, Tramp siyosiy qarorlar qabul qilayotganida davlat manfaatlarini ustun qo'yadimi yoki o'zining?
"Qo'shma Shtatlar prezidenti chet davlat bilan aloqada o'z bizneslari ravnaqini ko'zlaydimi yoki xolisona ish yuritadimi? Trampga ishonch past", - deydi Fred Vertaymer, "Democracy 21" nomli monitoring tashkiloti rahbari.
Trampning etika bo'yicha maslahatchisi Bobbi Burchfild:
“Odamlarga kimni nima uchun tanqid qilishayapti? Davlat rahbari qilgan qarorlar, ayniqsa biznes hamkorlik yuzasidan kelishuvlar o'nlab federal, shtat va mahalliy boshqarmalar tomonidan ko'rib chiqiladi va hech qachon so'zsiz amalga oshirilmaydi. Rahbariyatni doimiy savolga tutadigan tizimlar mavjud va ular ishlaydi".
Tramp jamg'armasi inauguratsiya oldidan qonunan uning o'g'lilariga o'tkazilgan.
19 betlik hujjatga ko'ra, Tramp o'z egaligidagi yoki uning nomini olgan 500 kompaniyadan bo'shagan. Boshqa bir hujjatda prezident o'z boyligi boshqaruvini katta o'g'li Donaldga o'tkazgan. Tramp imperiyasining bosh moliyaviy menejeri Allen Vayselberg ishonchli shaxs deya ko'rsatilgan.
Biroq, deydi tanqidchilar, bo'shash va ularni isbotlovchi hujjatlar Trampga nisbatan ishonchni oshirmaydi.
Tramp jamg'armasida ishlagan ikki nufuzli respublikachi advokat endi Oq uyda. Biri Bobbi Burchfild bo'lsa, ikkinchisi Stefan Passantino. Tramp imperiyasini tebratganlardan biri Jorj Sorial ham hozirda prezident yonida.
Butun ma'muriyat hozir Tramp biznes doirasidan ekani davlat rahbariga nisbatan shubhani kuchaytirgan. O'tgan oy yaqin maslahatchi Kelyan Konvey Trampning qizi Ivankaning moda kolleksiyasini televizorda reklama qilib, keskin tanqidga qoldi. Oq uy kimning xizmatida: xalq yoki prezident oilasining? Bu kabi savollar har kunni efirda.
Tramp imperiyasi hozirda chet elda yangi bitimlar imzolashni to'xtatgan, xususan Ozarbayjon, Gruziya va Braziliyadagi kelishuvlarda chetga surilgan. Xitoyda ko'zlangan rejalar ham bekor qilinadi. Lekin Kolumbiyada yangi bizneslar haqida xabarlar bor.
Oq uyda etika masalalari bilan shug'ullangan sobiq rasmiylarning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, Tramp va uning atrofidagi odamlardan ortiqcha xavotirlanishdan naf yo'q. Ularni Oq uyda qilayotgan ishlariga qarab baholang, deydi ular, oldingi faoliyati va manfaatlari ortda qolgani yoki qolmaganini shundan bilasiz.
Trampning chet eldagi sarmoyalaridan kelayotgan daromadni ham yaqindan kuzatish kerak, deydi monitoring tashkilotlari. Turli davlatlardagi mehmonxonalar, ko'chmas mulk va turli mahsulotlar bilan bog'liq brendlar prezidentga millionlab dollar foyda keltiradi.
Bu fakt, deydi mutaxassislar, manfaatlar to'qnashuvini kuchaytirib, ayrim qonunlarga zid.
Xitoy, Turkiya va Filippin bilan aloqa qilishda Tramp bu mamlakatlaridagi boyliklarini qanchalik unuta oladi?
Inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladigan bu davlatlar bilan hamkorlik kuchaysa, bu nimadan darak beradi?
Tinimsiz savollar.
Kongressdagi demokrat qonunchilar etika va mas'uliyatni nazorat qiluvchi federal agentlikka murojaat qilib, prezidentning faoliyatini elakdan o'tkazishni talab qilmoqda.