AQShda iqtisodiy o’sish Ogayo kabi shtatlarda yangi ish o’rinlari yaratmoqda, xususan, ishlab chiqarish sohasida. Ammo maoshlar yetarli emas. 2016-yilgi saylovda Donald Trampga ovoz bergan ishchi-mehnatkashlarning ayrimlari prezident va’dalarini bajara olmadi, deydi. Tramp Ogayoga zavod-fabrikalar qaytadi, deya so’z bergan edi.
Aprel oyida “General Motors” (GM) avtomobilsozlik kompaniyasi Ogayo shtati, Lordstaun shahridagi zavodini yopdi. Sherri va Mark Prett soatiga taxminan 30 dollar to’laydigan ishidan ayrildi.
“Korxonaga obro’-e’tibor olib kelgan, ter to’kib mehnat qilgan, bizga o’xshagan odamlarni ishdan haydab yuborishdi”, - "GM" da ishlagan Sherri Prett.
Zavod qisman Meksikaga ko’chadi. U yerda ishchilarga 2 dollar 30 sent to’lanadi. “General Motors”da ishlagan bu odamlarning ko’pi 2016-yilda Trampga ovoz bergan.
2017-yilda Prezident Tramp qo’shni Yangstaun shahrida o’tkazgan yig’inda fabrikalar qaytib keladi, degan edi. Quruq va’da, deydi Mark Prett.
“Biz uchun hech narsa qilgani yo’q. O’shandan keyin kelgani ham yo’q. Bu haqda gapirdi xolos”, - deydi zavoddagi ishidan ayrilgan Mark Prett.
Jon Debernardo avtozavodda 25 yil mehnat qilib, u ham minglar qatori ishidan ayrildi. Trampning ish o’rinlarini himoya qilaman, degan gaplarini eslaydi.
“U korxonamizni tilga oldi, bu mavzuni ko’tarib chiqdi, yig’inlarda ish o’rinlari haqida so’zladi. Endi gapdan ishga o’tish kerak”, - deydi u.
Amerika bo’ylab ishsizlik darajasi bugun o’rtacha 3,7 foizni tashkil etadi. O’nlab yil oldin po’lat sanoati bilan tanilgan Yangstaun shahrida bu raqam ikki karra yuqori.
“Summer Garden Foods” singari mahalliy kompaniyalar ishga yollayapti. Bu korxona makaron va barbekyu souslar ishlab chiqaradi. Uning rahbari Tom Zidian yaqinda maoshlarni 15 foizga oshirdi. Tramp soliqlarni kamaytirgani xususiy sektorga yordam bo’ldi, deydi u.
“Mehnat bozorida raqobat kuchli bo’lgani va malakali ishchilar yetishmayotgani sababli deyarli barcha bizneslar eng kam ish haqini ko’tarishga qaror qilgan”, - deydi Zidian.
Lekin bu kompaniyalar kam to’laydi. Karen Usanio “GM” korxonasida ikki baravar ko’proq topardi.
“Soatiga 15 dollar tirikchilik uchun yetmaydi. Gap ko’proq pul topishda emas, balki ba’zilarning puli yashash uchun yetmayotganida”, - deydi ayol.
Qurilish korxonalari va fabrikalarda og’ir uskunalarni tuzatish bilan shug’ullanuvchi “City Machine Technologies” kompaniyasi ham kengayib borayapti. Ammo, deydi Yangstaun rasmiylari, odamlarni ishga yollash uchun ularni zarur treningdan o’tkazish muammo bo’lib turibdi.
Mintaqadagi ishsizlik va avtozavod yopilganiga qaramasdan, Jino Difabio kelgusi saylovda ham Trampga ovoz berishini aytadi.
“Prezident Tramp Amerikani birinchi o’ringa qo’yib, tariflardan foydalanib, ish joylari yaratdi. “General Motors”da ishidan ayrilganlar ochiq aytmasa-da, ularning ko’pi baribir prezidentni hanuz qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Difabio.
Azaldan demokrat bo’lgan Difabio 2016-yilda Trampga ovoz bergan. 2017-yilda hatto prezident bilan sahnaga chiqqan.
Facebook Forum