Breaking News

"GM" Amerika bo'ylab bir necha zavodlarini yopadi 


“Jeneral Motorz” avtomobilsozlik kompaniyasi Amerikada besh zavodini yopishni rejalar ekan, Prezident Donald Tramp bu qarorni tanqid qilmoqda. Minglab odam ishidan ayriladi. Kompaniya qarorini mashinalariga talab pasaygani, bozor o’zgarib borayotgani bilan izohlaydi.

Ogayo shtatida qariyb 4 ming kvadrat metr maydonni egallagan “Jeneral Motorz” zavodida 1600 kishi ishidan ayrilishi mumkin. Ayrimlar kompaniyaning boshqa zavodlariga ko’chiriladi. Ishlab chiqarish sanoatidagi o’zgarishlar Lordstaun shahriga ham yetib kelayotgan ko’rinadi.

“Shu yirik zavod mahalliy iqtisodiyotni tebratib turadi. Po’lat korxonalarimiz, fabrikalarimiz yopilib ketgan. Bir paytlar kompyuterlar ham ishlab chiqarilardi. “Kraysler” avtokorxonasi ham bor edi. “Jeneral Motors” yopilsa, shahar huvillab qoladi”, - deydi bu yerdagi restoran xodimi Trish Vilyams.

“Jeneral Motorz”da ishlab, soatiga 30-40 dollar topish o’tmishda qoladi. Prezident Tramp yozda bu yerda tarafdorlari bilan uchrashib, uylaringizni sotmang, degan edi.

“Uyingizni sotmang, ko’chib ketishga shoshmang. Uylar narxi ko’tariladi, ish o’rinlari ko’payadi. Korxonalar qayta ochiladi”, - degan edi prezident.

Bu zavodda ishlab chiqariladigan o’rta hajmdagi “Shevi Kruz” mashinasi bozorbop mahsulot emasligini ishchilarning o’zi ham boshidan bilgan.

“Mahsulotning narxi to’g’ri va adolatli bo’lishi kerak. Avtosalonga borib, “Shevi Kruz” o’rniga yaxshiroq mashinani menga arzonroqqa berishsa, o’shani olaman, albatta. Hammamiz yaxshi narxga yaxshi mashina olishni istaymiz”, - deydi profsoyuz rahbari Deyv Grin.

Tramp zavod rahbariyatini tanqid qilmoqda.

“Shevi Kruzning bozori chaqqon emasmish. Demak, talabga mos mashina ishlab chiqaring”, - deydi u.

Ogayodagi zavodda, deydi ishchilar, “Jeneral Motors” boshqa bir mahsulot ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishi kerak. Ammo kompaniya uchun mahsulotni Meksikada ishlab chiqarish arzonroq.

“Nega Mesikani tanlashadi? Chunki u mamlakatda zavod ishchilariga soatiga 2 dollar 85 sent to’lashadi”, - deydi zavodda 18 yil ishlagan Rebekka Zak.

Bu ayol Prezident Donald Trampni emas, korxonaning o’zini ayblaydi.

“Mashinalar bizning qo’limiz bilan teriladi, korxonaga biz daromad keltiramiz. Yopishsa, zararni korporativ rahbarlar emas, biz ko’ramiz. Uchinchi kvartalda zavod 6 milliard dollar daromad qilgan, yana 14 ming odamni bo’shatishmoqchi”, - deydi u.

Profsoyuz ham kompaniya qaroridan norozi.

“Eng yaxshi ishchi kuchi mana shu shaharda, axir. Zavod joylashuvi ham hammaga ma’qul. “Jeneral Motorz” shoshmasdan qaror qilishi kerak”, - deydi Deyv Grin.

1966-yildan beri ishlab kelayotgan avtokorxona kelasi yil martga borib eshiklarini yopishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG