Breaking News

"Ford" avtokompaniyasi Meksikada zavod qurmaydi


“Ford” avtokompaniyasi Meksikada yangi zavod qurish rejasidan voz kechib, Michigan shtatidagi inshootini kengaytiradi. 700 ta yangi ish o’rni yaratilmoqda. Bu e’lonni olqishlagan Prezident Donald Tramp boshqa kompaniyalarni ham mahsulotini Amerikaning o’zida ishlab chiqarishga undayapti.

“Ford” kompaniyasi Meksikaning Sen Luis shahrida 1,6 milliard dollarga teng zavod barpo etish o’rniga, Michiganning o’zida yangicha avtomobillar yaratadi.

“O’zini o’zi boshqaruvchi gibrid mashina; uzoq masofaga yuradigan elektr avtomobil; yengil yuk tashiydigan va yo’lovchi tashiydigan mashinalarning gibrid turlari; vay-fay orqali zaryad qilish sistemalarini yaratish uchun 700 million dollar sarmoya qilamiz”, - deydi "Ford" rahbari Mark Filds.

U yangi hukumat bilan maslahatlashmaganini aytmoqda. Qarorimiz, deydi Filds, Shimoliy Amerikada kichik hajmdagi avtomobillarga talab pasaygani bilan bog’liq.

“Ushbu investitsiya naqadar ahamiyatli ekanini ta’kidlash joiz. 700 million dollar yangi bir zavod degani”, - deydi avtomobilsozlar kasaba uyushmasi vakili Jimmi Settlz.

Donald Tramp AQShdagi eng yirik “General Motors” avtokompaniyasini mahsulotingizni Amerikada ishlab chiqarmasangiz, kattagina soliq to’laysiz, deya ogohlantirdi. Kompaniyaning qayd etishicha, uning Meksikada yig’ilgan mashinalari Amerika bozorida sotilmaydi.

Tahlilchilarga ko’ra, yangi hukumat shu tariqa bosimni davom ettiraversa, ko’plab bizneslar nima qilishini hozirdan belgilab olishi zarur.

“Masalan, “Apple” kompaniyasi izlanish o’tkazgan. Ular zavodlarini Xitoydan Qo’shma Shtatlarga ko’chirsa, qanchaga tushadi, shuni bilishmoqchi. Fikrimcha, boshqa yirik korporatsiyalar ham o’ylanib qolgan. Favqulodda rejalar tuzishyapti”, - deydi tahlilchi Jeyms Nolt.

AQSh kompaniyalari bosim ostida, deydi tanqidchilar. Ular qayerda, nima ishlab chiqarish barobarida qarorlarining siyosiy oqibatlari haqida o’ylashga ham majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG