So’nggi ommaviy so’rovlarda Prezident Donald Trampning xalq orasidagi reytingi biroz yaxshilangan. Hozirda 40 foiz. Bu oxirgi yetti oyda Tramp uchun eng yaxshi ko’rsatkich. Siyosatdonlar AQSh iqtisodiyoti jadal o’sayotganini sabab qilib ko’rsatishadi. Ammo Oq uyda mashmashalar, prezidentning muxolifatga va uni tekshirayotgan maxsus prokurorga qaratilgan tanqidlari davom etmoqda.
Ogayodagi zavodga tashrifi chog’ida Pezident Tramp soliqlar pasayishi haqida bong urdi. Shuningdek, uning Kongressdagi nutqini qarsaklar bilan qarshi olmagan demokratlarni tanqid qildi.
“Murdaga o’xshab o’tirishdi zalda. Aksil-amerikacha xatti-harakat bu. Kimdir xiyonatkorona ish, deb tasvirlayapti. Mayli, shunday desa ham bo’ladi”, - deydi Tramp.
Atigi ikki hafta oldin Kongressga va xalqqa murojaatida Tramp muxolifat bilan hamkorlikda ishlash taklifini olg’a surgan edi.
“Tafovutlarni chetga surib, kompromiss asosida ish yuritaylik. Axir birdamlik bo’lmasa, xalqqa bergan va’dalarimizni bajara olmaymiz”, - degan edi u.
Trampning reytingi bir oz oshgani shundan dalolatki, amerikaliklar nazarida Tramp iqtisodni uddalay olayapti. Ammo demokratlarga nisbatan tanqidlari o’ziga ziyon, deydi tadqiqotchi Jim Kessler.
“Tramp aqlli bo’lsa, radikal pozitsiyalardan uzoqlashib, demokratlar bilan kelishib ishlagani ma’qul. Hozirda hamkorlik uzoqqa bormayapti, har hafta bir mojaroga guvohmiz. Tomonlar kelishib ishlashiga ko’zim yetmayapti”, - deydi suhbatdosh.
Tramp va uning respublikachi safdoshlari Rossiya yuzasidan olib borilayotgan tergovdan ham norozi. Rossiya 2016-yilgi saylovga aralashganmi, uning natijasiga ta'sir qilganmi, Tramp saylanishida Moksvaning roli bormi - shular tekshirilmoqda.
Demokratlar fikricha, respublikachilarning maqsadi maxsus prokuror Robert Myullerni badnom qilish.
“Hamkasblarimiz ig’vo, uydirma gaplarni tarqatish bilan ovora. Bu ishlardan hech toyishmaydi. Balki Myuller olib borayotgan tergov suv yuziga nimalarni olib chiqishidan qo’rqishayotgandir”, - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.
Rossiyaning saylovga aralashuviga doir tergov hali-beri tugamaydigan ko’rinadi. Kuzgi saylovga ham ta’sir qilishi mumkin, deydi tahlilchi Jon Fortye.
“Tergov Trampning soyasiga aylanib bo’ldi. Qachon tugaydi, nimalar fosh bo’ladi, bilmaymiz. Vaqt ko’rsatadi”, - deydi u.
Hozir Kongressda respublikachilar hukmron. Trampning reytingi oshaversa, ular qonunchilik organida ko’pchilik o’rinlarni saqlab qolishi ham mumkin.
Facebook Forum