Breaking News

Tramp: Xavfsiz, mustahkam va mag'rur davlat bo'lib qolamiz


Tramp Kongressga nima dedi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

Tramp Kongressga nima dedi?

Oq uydagi ikkinchi yilini boshlagan Donald Tramp bugun Kongress va shu tariqa xalq oldida turib qayd etishicha, mamlakat xavfsiz, iqtisodiy jihatdan mustahkam va islohotlar ostida. Qo'shma Shtatlar barqaror, kuchli va mag'rur davlat bo'lib qoladi, deya bong urdi prezident yillik hisobotida.

"Amerikaliklar qilayotgan mehnatining rohatini ko'rishi kerak. Har bir bola o'z uyida tinch muhitda yashashi kerak. Har bir fuqaromiz sevimli davlatimiz bilan faxrlanishi kerak", - dedi Tramp 535 a'zoga ega Kongress minbarida.

O'tgan yili bu minbarga chiqqanida u endigina prezidentlikni boshlagan edi. Barak Obama Oq uyni topshirganiga bir oy bo'lgan edi xolos.

Prezidentlikning birinchi yili tinimsiz mashmasha davri bo'ldi va ular hamon tinmagan. Tramp rahbarlikka saylangan jarayonni Rossiya buzishga uringan degan gumon ostida maxsus tekshiruv boshlangan. U davom etar ekan, janjal markazida prezidentning o'zi turibdi.

Trampning reytingi 40 foizdan ham past. Amerika tarixida hech bir prezidentning nufuzi Oq uydagi birinchi yilida bu qadar past bo'lmagan. 2008-yilda saylangan Obamaning bir yildan keyingi reytingi 57 foizda edi.

Amerika o'tgan bir yil mobaynida bir necha tabiiy ofatni boshdan kechirdi, milliardlab dollar zarar ko'rdi. Lekin ularning har biridan keyin bu jamiyat hayotini qayta yo'lga qo'ya oladi, o'ziga o'zi tayana oladi, deydi Tramp.

Har doimgidek, prezident Kongressni birdamlikka, uning takliflarini olqishlab, u bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. Demokratlar nazarida esa tarqoqlik manbai aslida Oq uy. Hech kim bilan kelishmayotgan aslida Trampning o'zi, deydi ular.

Tramp deydiki, uning shu kungacha erishgan eng katta yutug'i soliqni kamaytirganidir.

"Maqsad o'rta sinfni kengaytirish, uni quvvatlash hamda kichik bizneslar ravnaqini ta'minlash", - dedi Tramp bu kecha qilgan nutqida.

"Yaqinda kuchga kirgan qonun sharofati bilan qariyb 3 million ishchining daromadi oshdi, minglab dollarga".

Tramp uchun Amerika har tomonlama birinchi o'rinda bo'lishi kerak. Tashqi siyosatmi yoki ichki, AQSh manfaatlari har doimgidan ham yuqoriga qo'yilishi, davlat foydasini o'ylagan holda qaror qabul qilish kerak.

"Xalq va uning vakillari, ya'ni siz meni quvvatlashingiz kerak", - dedi Tramp Kongressga qarata. Amerikaliklar mamlakatini ardoqlaydi. Hukumat bunga javoban uni qadrlashi, xalq farovonligi uchun xizmat qilishi kerak".

Amerikaliklarning 20 foizi ham Kongressga ishonmaydi. Oq uyga nisbatan ishonch ham pasayib ketgan bir paytda Tramp prezidentlikning ilk yilini mana shu holatni o'zgartirishga bag'ishlaganini da'vo qildi.

"Vashingtonda mas'uliyatni tiklaymiz. Buyruqbozlikni bas qilib, samaradorlikni oshirishimiz kerak", - dedi prezident.

AQSh o'z energetik boyliklarini ko'proq ishlata boshlagan, shuningdek, eksport ko'lami ham o'sib bormoqda. Muqobil yonilg'i o'z yo'lida, deydi prezident yangicha manbalarni nazarda tutib, biroq uning fikricha, ko'mir sanoatini tabiatga zarar keltirganlikda ayblab qisqartirish oldingi rahbarlarning katta xatosi bo'lgan. Tramp bu sohaga imtiyozlar taklif qilmoqda.

Tramp dunyo bilan savdo shartlarini qayta ko'rib chiqish uchun o'zidan oldingi prezident davrida erishilgan kelishuvlarni bekor qildi. Har bir davlat bilan tijorat asoslari yangilanadi; har bir bitim qayta muhokama qilinadi, deydi prezident. Bu xalqaro maydonda keskin qarshilik uyg'otgan. Osiyo-Tinch okeani hududidagi mamlakatlar Vashingtondan norozi. Lekin Tramp ularni erkin savdo zonalari emas, ikkitomonlama kelishuvlar ko'proq foyda beradi, deya ishontirishga urinmoqda.

Tramp mamlakat bo'ylab yangi qurilish ishlari boshlamoqchi. Aeroportlar, yo'llar, ko'priklar va qolgan infrastruktura ta'mirlanadi, deydi prezident.

"Kongressning barcha a'zolari, demokratlar va respublikachilar, bu taklifni yoqlashi kerak. Infrastruktura zamonaviy bo'lishini kim xohlamaydi? Iqtisodiy tizimimiz kelajagi va xalqimiz uchun bu o'ta zarur", - deydi u.

"Amerikadek mehribon va sahovatpesha jamiyat yo'q", - deydi Tramp.
"Azaldan bechora insonlarning boshini silab kelamiz. Lekin, prezident sifatida, avvalo yo'qsil va e'tiborga muhtoj fuqarolarimiz manfaatini ko'zlayman. Imkoniyatlar va imtiyoz ularga".

Melaniya Tramp, Prezident Trampning rafiqasi
Melaniya Tramp, Prezident Trampning rafiqasi

Oldingi prezidentlar singari Tramp ham immigratsiya tizimini isloh qilishga bel bog'lagan. Hujjatsiz yurgan 11 milliondan oshiq muhojir qilmishi uchun javob berishi kerak, deb kelayotgan prezident endilikda o'z pozitsiyasini sal yumshatib, Amerika taraqqiyoti yo'lida hissa qo'shgan va qo'shayotgan immigrantlar kechiriladi, qonuniy maqom olishi mumkin, deydi.

Bolaligida hujjatsiz ota-onalari bilan bu mamlakatga kelib qolgan 2 millionga yaqin muhojir avlod ham fuqarolik uchun imkon so'ramoqda. Oq uy ular taqdirini birma-bir ko'rib chiqish kerak desa, Kongressda demokratlar bunga ishonmaydi. Masala yaqin kunlarda Kongressda yana muhokamaga qo'yiladi. Chunki davlat byudjeti aynan shu muammo bois boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Demokratlar bu ish hal qilinmas ekan, federal sarfiyat rejasini tasdiqlashdan bosh tortib kelmoqda.

Tramp Meksika bilan chegarani mustahkamlash uchun kelasi 10 yilga 25 milliard dollar so'ramoqda. Kanada bilan chegara ham ta'mirlanadi, deydi u.

Doimiy yashash huquqiga ega immigrant hozirgi tartibga ko'ra ota-onasi va boshqa qaram odamlarni Amerikaga olib kelishi mumkin. Tramp bunga chek qo'ymoqchi. U faqat turmush o'rtog'ingiz va balog'at yoshiga yetmagan farzandingizga homiylik qilib, uni AQShga chaqirish imkonini bermoqchi xolos.

Oq uy grin-karta lotereyasi dasturini cheklamoqchi. U faqat muayyan davlatlarning fuqarolari uchun taklif qilinishi kerak, deydi prezident.

Kongressda ba'zi respublikachilar bu taklifni olqishlagan. Lekin, umuman olganda, munosabat salbiy.

AQSh dunyoda harbiy jihatdan eng qudratli va ilg'or vositalarga davlat bo'lib qolishi kerak, deydi Tramp. Shu maqsadda u Kongressdan Pentagonga ko'proq mablag' ajratishni so'ramoqda.

Tramp Kongressga hisobotida tashqi siyosiy yutuqlarini sanar ekan, "Islomiy davlat" ga qarshi urushda g'alaba qildik", - deya e'lon qildi.

"AQSh boshliq xalqaro koalitsiya bu terror guruhi bosib olgan yerlarning deyarli 100 foizini ulardan tozaladi. Iroq va Suriyada odamlar yengil nafas ola boshladi. Lekin oldinda ish ko'p. "Islomiy davlat" butkul tor-mor qilinmaguncha to'xtamaymiz", - dedi Tramp.

Afg’onistonda yangi strategiyaga ko’ra ish qilinadi, deydi prezident. Kobuldagi markaziy hukumat himoya qilinadi. Tolibon, terrorizmdan qaytsa, u bilan murosa qilish mumkin. Aks holda Oq uy unga zarba berishda davom etadi.

“Afg’onistondagi missiyaning muddati cheklanmagan va rejamiz haqida, oldingidek, dushmanga aytib o’tirmaymiz".

Eronda odamlar yaqinda ularning zolim hukumatiga qarshi bosh ko'targanida, deydi Tramp, Amerika qarab o'tirmadi. Islomiy respublikaga ogohlantirish berildi - Tehron bilan qilingan yadroviy murosa uzoqqa cho'zilmaydi, deydi AQSh rahbari.

Shimoliy Koreya agressiv harakatlari bilan Oq uyning g'azabini keltirmoqda. Prezident Pxenyan hozirgi yo'lida qaytmas ekan, ya'ni qurollanishni to'xtatib, qo'shnisi, Janubiy Koreya va atrofidagi boshqa davlatlarga tahdid qilishni bas qilmas ekan, AQSh harbiy chora ko'rishga shay turadi, deydi Tramp.

"Amerika aggressiya va provokatsiya oldida murosa qilmaydi. Oldingi rahbarlarimiz singari bo'sh kelib, davlatimizni xavfli pozitsiyaga qo'ymayman", - dedi Tramp qonunchilarga murojaat qilar ekan.

Muxolifat esa qaysi prezident Amerikani xavf ostiga qo'ygan deya uning bu gaplarini qoralab, Trampni safsatabozlikda ayblamoqda. Demokratlar deydiki, Tramp irqchi va kaltafahm. "AQSh birinchi" degan shiori bilan prezident mamlakatni xalqaro maydonda yakkalab qo'yadi, deydi muxolifat vakillari.

Trampning hisobotidan keyin partiyasi nomida munosabat bildirgan demokrat kongressmen Jo Kennedi nazarida hozirgi prezident Amerika qadriyatlarni chetga uloqtirib, bu davlatni buyuklik sari yetaklagan tamoyillardan yuz o'girmoqda.

Amerika bag'rikeng, erkin va qonun ustuvor jamiyat bo'lib qolishi kerak, deydi Kennedi. AQSh demokratiya namunasi sifatida global yetakchi bo'lib qolishi lozim, deydi u. Kennedi va uning safdoshlari Trampni siyosiy jihatdan subutsiz, deya tanqid qilib, uni o'zboshimcha rahbar deb biladi.

Azaliy ittifoqchilar, jumladan NATO tarkibidagi Yevropa davlatlari, hozir Vashingtonga ishonmay qo'ygan, chunki hozirgi prezident kelishuv, bitim va ittifoqchilik shartlariga rioya qilmaydi, deydi demokrat arboblar.

Respublikachilar orasida ham Trampning nufuzi baland emas. Partiya bugun yanada tarqoqlashgani seziladi. Bu yil kuzda Kongressga saylovlar. 2010-yildan beri respublikachilar hukmron qonunchilik organi endi liberallar qo'liga o'tishi mumkin, degan taxminlar bor, lekin kuzgacha manzara o'zgarishi mumkin. Hozirda har ikki yirik partiyaning reytingi birdek past.

Prezident Kuba va Venesuela singari nodemokratik tuzumlarga sanksiya qo’ygani haqida maqtandi. Obama davrida Kuba bilan iliqlashgan aloqalar hozir ancha sustlashgan.

Tramp Quddusni Isroil poytaxti deya tan olganini ham global ahamiyatga ega o’zgarish deb atadi. Bu qaror musulmon dunyosida AQShga nafratni oshirgan. BMT doirasida, shuningdek, Yevropa va Osiyo bo’ylab ko’plab davlatlar Oq uyni Isroil-Falastin nizosiga barham berishda konstruktiv rol o’ynashga undamoqda. Tramp deydiki, AQSh bu masalada mustaqil qarashga ega va BMT unga hech qanday bosim o’tkaza olmaydi.

Amerika e’tiqod erkinligi himoyachisi bo’lib qoladi, deydi Tramp. Amerika axir shu erkinlikka asoslangan ravishda ravnaq topgan. Nasroniylar huquqlarini poymol etganlar jazosini oladi, deydi prezident. Lekin uning rahbarligida AQSh musulmon muhojir va qochqinlarga eshikni yopishga urinmoqda. Terrorizmga qarshi chora sifatida, Tramp boshpana so’rayotgan har bir musulmon qattiq tekshirilsin, deya talab qilmoqda.

"Amerika buyuk orzular mahsuli. Bu davlatni barpo etish kuchli iroda, mislsiz mehnat va chuqur ishonch talab qilgan. Biz mana shu buyuklikni saqlab qolmoqchimiz", - dedi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG