Breaking News

Tramp ta'limga davlat aralashuvini cheklamoqchi


Prezident Donald Tramp ta'limga oid yangi farmonga imzo chekmoqda, Vashington, 26-aprel, 2017-yil.
Prezident Donald Tramp ta'limga oid yangi farmonga imzo chekmoqda, Vashington, 26-aprel, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Ta'lim vazirligiga davlat maktablarini boshqarishda shtat va mahalliy hukumatlar ishiga halaqit beruvchi federal qoidalarni aniqlashni va bekor qilishni buyurdi. Maqsad ta'lim boshqaruviga Vashingtonning aralashuvini cheklash.

Oq uyda o'tgan tadbirda Prezident Tramp ta'limga oid yangi farmonga imzo chekdi. Unga ko'ra, 300 kun ichida davlat maktablarini boshqarishga oid keraksiz federal qonun-qoidalar aniqlanib, ularni bekor qilish choralari ko'riladi.

"Bugun men imzolayotgan farmon mahalliy nazoratni qayta tiklash yo'lida muhim qadam", - dedi Tramp.

Prezidentning aytishicha, avvalgi rahbarlar shtat va maktablarga ko'p zug'um o'tkazgan.

"Mahalliy jamoalar nima qilishni yaxshi biladi. Ota-onalar va o'qituvchilar bolalar muvaffaqiyati uchun o'zlari qaror bersin", - deydi Tramp.

AQSh rahbari avvalroq federal agentliklardan tugatilishi kerak bo'lgan dasturlar ro'yxatini tuzishni talab qiluvchi farmonga ham imzo chekkan edi.

Yangi qaror Ta'lim vazirligi hajmini qisqartirib, idoraning sobiq prezident Barak Obama davrida kengaytirilgan ayrim vakolatlarini ham kamaytiradi. Ta'lim vaziri Betsi Devos o'zgarishlarni yoqlaydi.

"Har bir shtat va maktabning muammosi har xil, har bir talaba uchun zarur yordam ham. Yechimlarimiz talabalarimiz kabi rang-barang bo'lishi kerak", - deydi u.

Obama ma'muriyati dini, irqi, jinsi va kimligidan qat'i nazar, talabalarga qarshi diskriminatsiyaning oldini olish uchun barcha shtatlarda bir xil ta'lim va baholash standartlarini joriy qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG