Breaking News

Tramp tashqi siyosatda qay yo'ldan boradi?


Vashington
Vashington

Saylov kampaniyasi davrida Donald Tramp tashqi siyosatda ulkan o'zgarishlar qilishga va'da berdi. Rossiya bilan aloqalarni tiklash, Eron va Xitoyga qarshi siyosatni kuchaytirish hamda Isroilga uzluksiz yordam shular jumlasidan. Ammo prezidentlikka kirishganidan beri o'tgan bir oy ichida tashqi siyosat hali to'la shakllangani yo'q.

Prezidentlikka kirishar ekan, AQSh Prezidenti Donald Tramp tashqi siyosatni belgilashda yagona tamoyilga suyanishini e'lon qildi.

"Bugundan boshlab Amerika birinchi bo'ladi. Savdo, soliq, immigratsiya va tashqi siyosatga doir har bir qarorda shu tamoyilga suyanamiz", - dedi Tramp.

Birinchi oydayoq prezident xalqaro munosabatlardagi bir necha o'n yillik an'analarni o'zgartira boshladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni Oq uyga taklif qilib, AQSh-Isroil aloqalari bundan buyon mustahkam bo'lishini e'lon qildi. Prezident Obama davrida bu munosabatlar sovuqlashgan edi.

Tramp AQSh elchixonasini Quddusga ko'chirishga va'da bergan. G'arbiy sohildagi yahudiy qurilishlariga qarshiligini ham bildirmadi. Ammo elchixonani Quddusga ko'chirish masalasida hali qat'iy qarorga kelmaganini hamda qurilishlarni to'xtatib turish lozimligini aytdi.

Matbuot anjumanida Tramp Isroil va Falastin o'rtasida ikki davlat qurish masalasi bo'yicha ham aniq fikr bildirmadi.

"Ikki davlat yoki bir davlat bo'lsa ham, har ikki tomon yoqtiradigani ma'qul menga", - dedi u.

Tramp Eronning yadro qurolini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymasligini ta'kidlab, 2015-yilda erishilgan xalqaro yadro bitimini qoraladi.

Shu oy Tramp ma'muriyati ballistik raketa sinovlarini o'tkazgani uchun Tehronga yangi jazo choralarini qo'llagan edi.

"Eronni yadro qurolini yasashdan to'sish uchun hali ko'p ish qilaman", - dedi Tramp.

Kreml Eronga yaqin ekani va AQShdagi prezidentlik sayloviga aralashgani haqidagi da'volarga qaramasdan, Tramp Rossiya bilan aloqa o'rnatish foydali ekanini aytib keladi.

Bundan ayrim AQShlik qonunchilar va yevropaliklar norozi.

Vitse-prezident Mayk Pens Bryusselga borib, ittifoqchilarni tinchlantirishga urindi.

"AQSh Rossiyani savolga tutishda davom etadi. Ayni paytda Prezident Tramp ko'rsatmasi asosida umumiy manfaatlarni topishga ham urinamiz", - dedi u.

Tramp saylov kampaniyasi davrida Xitoyni moliyaviy firibgarlikda ayblagan.

"Ular qoida bo'yicha ishlamayapti. Qoidaga rioya qilish fursati keldi", - degan edi u.

Prezident Tramp nabiralari bilan, Oq uy, Vashington
Prezident Tramp nabiralari bilan, Oq uy, Vashington

Tramp Xitoy mollariga bojni oshirib, savdo siyosatini ozgartirishga va'da bergan. Hozircha uning ma'muriyati bu masalada jim, asosiy e'tiborini geosiyosatga qaratgan.

Tramp Tayvan masalasida shu paytgacha AQSh rioya qilgan "Yagona Xitoy" siyosatini davom ettirishini bildirdi. Ammo Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar bo'yicha tortishuv davom etmoqda. Kuzatuv ishlarini olib borish uchun mintaqaga yaqinda AQSh avianosetsi jo'natildi.

Pekin esa AQShdan Xitoy suverenitetiga aralashmaslikni so'ramoqda.

"Tramp ma'muriyati Xitoyga, ayniqsa, Janubiy Xitoy dengiziga keskinroq munosabatda bo'lishi mumkin, ammo hozirgacha bayonotlarda aniq siyosat ko'zga tashlanmadi", - deydi tahlilchi Bonni Gleyser.

Donald Tramp "Amerika birinchi" degan tamoyil nimani anglatishini tushuntirish bilan band ekan, xalqaro hamjamiyat AQSh tashqi siyosatidagi o'zgarishlarni xavotir bilan kuzatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG