Dushanba kuni Oq uy AQShning yangi Milliy xavfsizlik strategiyasini chop etdi. Salkam 11 oy oldin ish boshlagan Prezident Donald Tramp televideniye orqali hujjatni qisqacha izohladi.
Unda AQSh oldidagi eng katta tahdidlar haqida gap boradi. Harbiy mavzulardan tashqari savdo, energetik mustaqillik, soliq islohoti kabi iqtisodiy mavzular ham strategiyadan o'rin olgan.
Xitoy va Rossiya AQShning eng katta raqobatchilari va xavfsizligiga tahdid sifatida ko'riladi. Ammo Oq uy Shimoliy Koreya yadro dasturi masalasida bu davlatlarni hamkor deb ham biladi.
68 sahifalik hisobot Kongress talabiga ko'ra har yili yangilanadi. Unda har bir ma'muriyatning tashqi siyosatga doir qarashlari bitiladi. Hujjatning yangi ko'rinishida kiber-xavfsizlikka ham katta urg'u beriladi.
Trampning aytishicha, Rossiya va Xitoy revizionist davlatlar bo'lib, dunyodagi tartibni o'zgartirishga intilmoqda. Bunday siyosat natijasida Rossiya Qrimni, Xitoy esa Janubiy Xitoy dengizidagi orollarni o'zlashtirib oldi, deyiladi hisobotda.
Biroq bu Qo'shma Shtatlarga shu davlatlar bilan hamkorlik qilishga g'ov bo'lmasligi kerak, deydi Tramp.
“Biz global raqobat sharoitida yashayapmiz. Maqsadlarimiz va manfaatlarimizni olg'a surish o'ta muhimdir", - deydi Oq uy rasmiylaridan biri.
Tramp saylov kampaniyasidan beri "Amerika birinchi navbatda" degan shiorni olg'a surib keladi. Bunday siyosat dunyo bo'ylab Amerika manfaatlarini targ'ib qilishdan, Amerika mahsulotlari ustuvorligini ta'minlashdan, yurt xavfsizligini kuchaytirishdan, xalq farovonligini oshirishdan, AQSh ta'sirini yoyishdan iborat.
Yangi Milliy xavfsizlik strategiyasida Shimoliy Koreya va Eron ham tahdid sifatida tilga olinadi. Unga ko'ra, Pxenyan ommaviy qirg'in qurollarini rivojlantirishga zo'r bermoqda, Tehron esa terrorizm va beqarorlikni qo'llab-quvvatlamoqda.
Xalqaro terror guruhlari va jinoiy sindikatlar ham tahdid deb ko'rilyapti.
AQSh ittifoqchilari, NATO va BMTga yordam berishda davom etadi, biroq bu ikki tashkilot tub islohotlarga muhtoj, deydi Tramp.
Sobiq prezident Barak Obama sakkiz yillik faoliyati davomida Milliy xavfsizlik strategiyasini ikki bor yangilagan - 2010- va 2015-yillarda. Obama demokratiyani targ'ib qilish va inson huquqlarini himoya qilishga, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga urg'u bergan edi. Tramp o'zgacha yondashuv tarafdori, bu jabhalar milliy xavfsizlik uchun muhim deb ko'rilmaydi.
Markaziy Osiyo xususida nima deyiladi?
Tramp ma'muriyati mintaqaning har bir davlati bilan yaqindan ishlamoqchi - xavfsizlik, iqtisod va o'zaro aloqalarni mustahkamlash bobida. Oq uy nazarida Afg'onistonda tinchlikka erishish yo'lida Markaziy Osiyo muhim rol o'ynaydi.
Xitoy ta'siri oshib borayotgan hududda, deyiladi hujjatda, AQSh bu mamlakatlar suverenitetini himoya qilish, terrorizmga qarshi kurash va siyosiy taraqqiyotda o'z hissasini qo'shishdan manfaatdor.
Facebook Forum