Breaking News

Oq uy maslahatchisi: Shimoliy Koreya bilan urush ehtimoli kuchaymoqda


Oq uy Milliy xavfsizlik maslahatchisi Gerbert Makmaster
Oq uy Milliy xavfsizlik maslahatchisi Gerbert Makmaster

Oq uy Milliy xavfsizlik maslahatchisi Gerbert Makmasterning aytishicha, yadroviy salohiyatini oshirayotgan Shimoliy Koreya bilan urush ehtimoli kun-sayin ortib bormoqda.

“Muammoni qurolli mojarosiz hal qilsa bo’ladi. Ammo hozirgi vaziyat poygaga o’xshaydi. Shimoliy Koreya rahbari yetib olayotganday va yakuniy qaror uchun vaqt qolmayotganday”, - deydi iste’fodagi general-leytenant.

Yaqinda Pxenyan yangi qit’alararo ballistik raketani muvaffaqiyatli sinaganini, raketa AQShning istalgan hududigacha ucha olishini aytgan edi.

Matbuotdagi xabarlarga qaraganda, Pentagon Amerikaning g’arbiy sohillari mudofaa tizimini kuchaytirish ustida o’ylanmoqda.

“Reyter” axborot agentligining xabar berishicha, ballistik raketaga qarshi qo’shimcha mudofaa tizimlari o’rnatilishi mumkin. Qo’shma Shtatlar o’xshash sistemalarni Janubiy Koreyada ham o’rnatgan.

“Yangi ishlangan “Xvason-15” qit’alararo ballistik raketasi Koreya Ishchilar partiyasining siyosiy va strategik qaroriga ko’ra sinovdan muvaffaqiyatli o’tdi”, deya 29-noyabr kuni xabar berdi “KRT” davlat televideniyesi.

Pxenyan oldingi raketalari ham AQShgacha bo’lgan masofani bosib o’ta olishini bildirgan edi, biroq yangisi oldingilariga qaraganda ancha takomillashgan bo’lib, yuqoriroq balandlikda ucha olishi aytilmoqda.

Gerbert Makmaster Xitoydan Shimoliy Koreyaga barcha neft ta’minotini uzishni so’ramoqda. “Raketani yoqilg’isiz uchira olishmaydi”, - deydi u.

3-dekabr kuni Shimoliy Koreyada hukmron Ishchilar partiyasining “Rodon” gazetasi AQSh va Janubiy Koreyani urushga bahona qidirayotganlikda aybladi. Shu hafta bu ikki davlat havoda qo’shma harbiy mashqlar boshlamoqda. Shimol ularni kommunistik davlatga hujumga hozirlik ko’rayotganlikda ayblab, bu mashg’ulotlarni o’ziga tahdid deb biladi.

“Bu Shimoliy Koreyaga qarshi ochiqdan ochiq provokatsiya bo’lib, istalgan payt yadroviy urushning boshlanishiga sabab bo’lishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Pxenyan yadroviy boyegolovkani kichraytirib, uni yangi raketasiga o’rnatish salohiyatiga egami, yo’q, hozircha ma’lum emas, ammo Janubiy Koreya rasmiylariga ko’ra, bunga bir necha oy ketishi mumkin.

Tahlilchilar, shuningdek, “Xvason-15” raketasining Yer atmosferasiga zarar ko’rmay qaytib kirishiga ham shubha bilan qaramoqda. Busiz raketa nishonni yo’qotib qo’yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG