Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreyaga qarshi harbiy chora ko’rish haqida o’ylanar ekan, Qo’shma Shtatlar yarimorolda yana bir bor harbiy salohiyatini namoyish etdi.
“B-1” rusumidagi og’ir bombardimonchi samolyotlar birinchi marta tunda mo’ljalni urishni mashq qildi. Janubiy Koreya va Yaponiya harbiylari ham mashg’ulotlarda qatnashgan.
Tramp kecha harbiy yetakchilar hamda sobiq Davlat kotibi Genri Kissinjer bilan ko’rishib, Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga qanday javob berishni muhokama qilgan.
“Noto’g’ri yo’ldan borayotgan edik. Pxenyan bilan kelishib olamiz deb muzokarachilarimiz chorak asrni behuda sarfladi, muammo kattalashib ketdi. Endi boshqa yo’ldan boramiz”, - deydi AQSh rahbari.
Tramp sentabrda BMTda qilgan nutqida, agar Shimoliy Koreya AQShga hujum qilsa, uni yo'q qilamiz, deb dag'dag'a qilgan edi. Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazir Ri Yong Xoning "Itar-Tass" axborot agentligiga aytishicha, Tramp bu bayonoti bilan urush nog'orasini chalayapti.
Pxenyan uch ming kilometr masofaga ucha oladigan ballistik raketaga ega ekanini da'vo qiladi.
Pentagonning bildirishicha, diplomatiya hamda xalqaro iqtisodiy sanksiyalar Shimoliy Koreyaga qarshi asosiy vositalar bo’lib qolmoqda, ammo harbiy chora ko’rilishi ham ehtomoldan xoli emas.
Koreya shu kungacha o’nlab raketa sinovlari o’tkazdi va AQShning Guam orolidagi harbiy bazasini nishonga olishini bildirgan.
Vashington bosimi ostida bir necha davlat yaqinda Shimoliy Koreya bilan iqtisodiy-savdo aloqalarini uzdi.
Facebook Forum