Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbariga ilk bor chiqqan Prezident Donald Tramp, dunyoning eng qudratli davlati rahbari, dushmanlarni qoraladi. Shimoliy Koreya, Eron, Kuba va Venesuela.
Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Un hozirgi yo'lidan qaytmasa, ya'ni atom qurollariga egalik qilib, G'arbga po'pisa qilaversa, AQSh uni badnom etishga tayyor, deya ogohlantirdi Tramp.
VIDEO: President Tramp Pxenyanga qarshi kuch ishlatishga shay ekanini aytdi
Tramp shu tariqa xalqaro hamjamiyatni, o'zini Amerika do'sti deb bilganlarni Pxenyanga bosimni oshirishga undadi. Shimoliy Koreya qurollanishda davom etarkan, Oq uy qo'l qovushtirib o'tirmaydi, dedi u.
Amerika rahbari Eronni ham ogohlantirdi. Yadroviy dasturi yuzasidan bergan va'dalarini bajarmasa, Tehronning ahvoli voy, deya qayd etdi ramp. Bunda bahoni BMT atom agentligi beradi va uning hisobotiga qarab siyosat belgilanadi. Biroq, deya eslatdi Tramp, bu idoraga ishonch past. U qoidalarni qattiq ijro etmaydi, deydi prezident.
U, shuningdek, Venesueladagi yakkahokimlikka asoslangan tuzumni quvvatlagan davlatlarni kechirmasligini aytdi. Tramp bu borada BMTda Lotin Amerikasi rahbarlari bilan alohida gaplashdi va birga ziyofat qildi.
Venesuela va Kuba demokratik yo'lni tanlashi, fuqarolarga erkinlik berishi kerak, deydi Tramp, aks holda ular beqaror bo'ladi va atrofdagilarning ham tinchligini buzadi. Vashington ularga bosimni kuchaytirishi mumkin.
AQSh rahbari fikricha BMT isloh qilinishi shart. Real o'zgarishlar qilish kerak, deydi u.
BMT kamroq mablag' sarflashi va har bir sohadagi faoliyatini qayta ko'rib chiqishi kerak, deydi Tramp.
BMT moliyaviy jihatdan Amerikaga obdon tayanib qolgan. Byudjetining qariyb chorak qismini AQSh qoplaydi. Yiliga 3-4 milliard dollar orasida.
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega davlat bu tashkilotni shartsiz moliyalamasligi kerak, deydi prezident.
Tramp Oq uyga saylanguniga qadar BMTni demokratiya va erkinlik dushmani, AQShga ishonchli hamkor bo'la olmaydigan organ, deya tanqid qilgan.
Lekin hozirda u BMT bilan ishlashga tayyor, faqat u Oq uy shartlariga ko'nishi lozim. BMT Xavfsizlik Kengashi o'z kuchini isbotlashi zarur, deya undamoqda Tramp.
Prezident nazarida BMTning yangi Bosh Kotibi Antonio Guterrish islohotlar zarur ekanini yaxshi tushunadi va o'z strategiyasiga ega. Oq uy uni quvvatlaydi.
Kecha va bugun Tramp Fransiya rahbari Emmanuel Makron va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan yuzma-yuz muloqot qilgan.
Qochqinlar masalasiga ham to'xtalgan Tramp deydiki, ularni oz' mintaqalarida himoya qilish, o'sha yerda lagerlar joriy etish maqsadga muvofiqdir. Bu arzonroq hamda ularni keyin vataniga qaytarish osonroq kechadi, deydi prezident, xavfsizlikni ta'minlashga urg'u berar ekan.
Facebook Forum