AQSh va Shimoliy Koreya rasmiylari 28-may kuni noharbiy zonada uchrashib, ikki davlat rahbarlarining ehtimoliy sammitini muhokama qildi. 12-iyun kuni Singapurda o'tishi belgilangan sammitni Prezident Donald Tramp kutilmaganda bekor qilgan edi, endi esa ko'rishishimiz mumkin, demoqda.
"Shimoliy Koreya katta potensialga ega va bir kun kelib iqtisodiy-moliyaviy sohada yutuqlarga erishadi", - deb yozdi Tramp Twitterda.
Pxenyanga borgan AQSh delegatsiyasiga Filippindagi elchi Sun Kim boshchilik qilmoqda.
"Koreya yarim orolini qurollardan tozalash Shimoliy va Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh, Xitoy, butun dunyo uchun yaxshi. Uchrashuvimizga tayyorgalik qizg'in kechayapti", - dedi Tramp jurnalistlarga.
AQSh rahbari Pxenyan "dushmanona" bayonotlar qilayotganini qayd etib, avvalroq Kim Chen Un bilan ko'rishish fikridan qaytgan edi. Shundan so'ng Shimoliy va Jaunubiy Koreya rahbarlari chegarada uchrashdi. Seulning bildirishicha, Kim yadro qurollaridan voz kechish haqida gaplashishga tayyor. Ammo shimol yadro dasturidan butunlay voz kechishiga ayrimlar shubha bilan qaraydi.
AQSh senatori Marko Rubio fikricha, Pxenyan o'yin o'ynayapti.
"Kim Chen Un atom qurollariga psixologik jihatdan bog'lanib qolgan, bu qurollar uni muhim qilib ko'rsatadi", - deydi u.
AQSh razvedka idoralari sobiq rahbari Jeyms Klepperga ko'ra, Shimoliy Koreya qo'shni davlatdagi amerikalik askarlarni olib chiqish yoki kamaytirishni talab qilishi mumkin. Janubiy Koreyada AQShning 28500 zobiti bor, Pentagon harbiy baza yopilmasligini bildirgan.
Facebook Forum