Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya qamoqdan ozod etgan uch amerikalikni vatanda shaxsan kutib oldi. Rafiqasi bilan Merilend shtatidagi Endryuz havo bazasiga borgan Trampning ta'kidlashicha, ikki davlat munosabatlarni yangidan quradi.
Mahbuslarning qo'yib yuborilishi - Pxenyan AQShga ko'rsatayotgan iltifot. Ikki mamlakat rahbarlari 12-iyun kuni Singapurda yuzma-yuz muloqot qiladi.
Sobiq asirlar bilan harbiy samolyotdan tushgach, Tramp Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Unga minnatdorchilik bildirdi. "Nazarimda, u mamlakatining dunyo hamjamiyatiga qo'shilishini istaydi", - deydi AQSh rahbari.
Davlat kotibi Mayk Pompeo tarixiy sammit qayerda o'tishini muhokama qilish uchun Pxenyanga borgan edi. Maqsad - Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan voz kechishga ko'ndirish. Uchrashuv Singapurda o'tishi mumkin.
Vatanga qaytgan uch amerikalikning ikkisi, Toni Kim va Kim Hak Song Pxenyandagi Ilm-fan va texnologiya universitetida dars bergan. Har ikkisi 2017-yilda hibsga olinib, ularga hukumatni ag'darishga urinish aybi qo'yilgan. Kim Dong Chul esa ayg'oqchilikda ayblanib, 2015-yilda mehnat lageriga yuborilgan.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens so'zlariga ko'ra, amerikaliklarni ozod etish uchun AQSh Shimoliy Koreyaga biror masalada yon bergani yo'q.
Amerikalik qonunchilar amnistiyani olqishlayotgan bo'lsa-da, asosiy vazifa oldinda - Koreya yarim orolini yadro qurollaridan xoli hududga aylantirish. Prezident Tramp bunga erishamiz, deya ishonch bildirmoqda.
Mudofaa vazir Jim Mattisga ko'ra, sammitda AQSh qo'shinlarini Janubiy Koreyada olib chiqish masalasi ko'tarilmaydi.
Facebook Forum