Prezident Donald Trampning o'tgan bir yillik hokimiyati davrida eng ko'p tilga olingan masala bu Rossiya bo'ldi. Kongressning bir necha qo'mitasi hamda maxsus tergovchi Robert Myuller Tramp saylov kampaniyasining Moskva bilan aloqasini taftish qilishga tushdi. Bu lavhada o'tgan yilning shu mavzuga aloqador eng muhim hodisalarini yodga olamiz.
"Rossiyaga hech qanday aloqam yo'q. Buni hamma biladi. Demokratlar to'qigan uydirma bu. Saylovni boy bergach, shu narsani o'ylab topishdi", - dedi Tramp.
Bu Donald Trampning yil oxirida aytgan gapi. U Kremlga nisbatan bo'sh siyosat yuritayotgani haqidagi da'volarni inkor etadi.
Tramp prezident sifatida qasamyod keltirishidan ikki hafta oldin Milliy razvedka idorasi rahbari Jeyms Klepper AQShning barcha huquq-tartibot idoralari yakdil bo'lgan xulosani e'lon qildi: Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Trampning g'alaba qozonishini ta'minlashga uringan.
"Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2016-yil AQSh prezidentlik sayloviga ta'sir o'tkazish kampaniyasini boshlashni buyurdi. Rossiyaning maqsadi AQSh demokratik jarayoniga jamoatchilik ishonchini pasaytirish, Davlat kotibi Klintonni obro'sizlantirish hamda uning saylanish imkoniyatiga zarar yetkazish edi. Putin va Rossiya hukumati Trampni prezident sifatida ko'rishni afzal ko'rganini aniqladik. Bunday xulosaning to'g'riligiga ishonchimiz baland", - deyiladi razvedka idoralari e'lon qilgan hisobotda.
Shundan so'ng Kongress tekshiruvlari boshlandi. Mart oyida Federal Qidiruv Byurosi rahbari Jeyms Komi ham Tramp jamoasi va Kreml o'rtasidagi aloqalarni o'rganishni boshlaganini e'lon qildi.
Oradan ko'p o'tmay Tramp Komini ishdan bo'shatdi. Buning ortidan esa Rossiya masalasini o'rganish uchun Robert Myuller maxsus tergovchi etib tayinlandi. Shundan beri davom etayotgan tergov davomida Tramp saylov kampaniyasiga aloqador bir nechta rasmiyga qarshi ayblovlar e'lon qilindi.
Prezident Trampning so'zlari va amaldagi xatti-harakati hamisha ham bir-biriga mos emas.
U yaqinda Rossiya himoyasidagi isyonchilarga qarshi qo'llash maqsadida Ukrainaga qurol-aslaha sotishni ma'qulladi. Shuningdek, Ukraina ichki ishlariga aralashgani uchun Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi.
Ayni paytda Tramp Kreml bilan aloqalarni yaxshilash haqida ham gapirmoqda.
"Rossiya bilan doim urushib yurgandan ko'ra, ular bilan do'stona munosabatda bo'lish dunyo uchun va biz uchun yaxshi narsa", - degan edi Tramp.
Ammo yangi prezidentning milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya Amerikaning global ta'sirini zaiflashtirishga urinayotgan xavfli raqib sifatida tilga olinadi.
Shunga qaramay, strategiyani e'lon qilish paytida Tramp Putin bilan aloqa o'rnatish haqida gapirdi.
"Kecha menga Rossiya Prezidenti Putindan qo'ng'iroq bo'ldi. Sankt-Peterburgda rejalangan terror xuruji haqida razvedka ma'lumoti yetkazganimiz uchun u bizga tashakkur aytdi. Bu hujum ko'plab, ehtimol, minglab odamlarning yostig'ini quritishi mumkin edi. Voqea yuz berishidan oldin jinoyatchilarni qo'lga olishga muvaffaq bo'lishdi. Bu juda yaxshi narsa va aloqalar shunday ishlashi kerak", - dedi Tramp.
Tahlilchilarning aytishicha, Trampning har bir harakati hozir Rossiya ko'zgusi orqali kuzatilmoqda. Shu bois u Kremlga qarshi odatdagidan ko'ra qattiqroq mavqeda bo'lish bosimi ostida ishlamoqda.
"Odamlar u va Vladimir Putin haqida yomon xayolga bormasligi uchun Tramp shunday ishlashga majbur. Yaqinda Ukrainaga qurol sotishga ruxsat berildi. Ukraina bosib olinayotganda va u yerda urush davom etayotganda Obama ma'muriyati qurol savdosini uzoq yillardan beri to'xtatib kelayotgan edi. Bu juda kuchli qadam", - deydi tahlilchi Jeyms Kirchik.
Donald Trampning ikkinchi yili ham birinchisidan ko'p farq qilmasligi kutilmoqda. Robert Myullerning Rossiya tergovi davom etadi. "Forbes" jurnali tomonidan dunyoning Trampdan ham qudratliroq shaxs deb topilgan Vladimir Putin bilan to'qnashuvlar esa yanada kuchayishi mumkin.
Facebook Forum