Breaking News

Brennan: Tramp kampaniyasi va Rossiya o'rtasida aloqa bo'lgan


Trump Russia Probe
Trump Russia Probe

Kongressda bot-bot tinglovlar. Prezident Donald Tramp Amerika razvedkasi rahbariyatidan Rossiyaga doir tergovni yopdi-yopdi qilishni so’ragani haqidagi da’volar tekshiruv ostida. Rossiya o’tgan yili AQShdagi prezident saylovlariga aralashgani yuzasidan tergovga FBR sobiq rahbari Robert Muller bosh-qosh. ​

Kapitoliyda qizg’in bahslar. Tramp kampaniyasi va Rossiya o’rtasidagi aloqalar haqida savollarga javoblar ham yangramoqda.

“Rossiya rasmiylari va Tramp kampaniyasi o’rtasida muloqot bo’lganiga doir razvedka ma’lumotidan xabarim bor. Rossiya Tramp idorasining xodimlarini hamkorlikka ko’ndira olganmi, yo’qmi, hozircha bilmaymiz”, - deydi Jon Brennan.

O’tgan yili AQSh razvedka idorasini boshqargan Jon Brennan Rossiyaga ogohlantirish bergan. Ruslar 2016-yilgi saylovlarga burun suqqan, saylov rasmiylarini o’ziga og’dirishga uringan.

“Nojo’ya ishga qo’l urgan odamlar odatda xatosini ancha kech tushunadi”, - deydi u.

Tergovchilar oldida turgan vazifa juda mushkul. Chunki Trampning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Maykl Flinn ko’rsatma berishdan bosh tortdi. Konstitutsiyaviy huquqidan foydalandi u va bunga haqli. Aynan Flinning ko’rsatmasi Rossiyaga doir tergovga aniqlik kiritishi kutilgan edi.

Jon Brennan Kapitoliyda so’zlashidan sal oldin qo’shimcha xabarlar paydo bo’ldi. Tramp Amerika razvedkasining ikki rasmiysini Rossiyaga doir da’volarni oshkora rad etishga undagan. Ulardan biri Dan Kouts bu haqda gapirishdan bosh tortdi.

“Prezident bilan muloqotimni muhokama qilish noo’rin bo’lar edi”, - deydi u.

Koats Senatda so’zlar ekan, asosiy muammo maxfiy ma’lumotlar jamoatchilikka oqib chiqayotganida, deydi. Bunga senator Martin Xeynrikning javobi shuki:

“Prezident nozik maxfiy ma’lumotni Rossiya hukumati bilan baham ko’rgani xavfli emasmi, sizningcha?”

Koats Prezident Tramp xorijga safarda bo’lgani bois uning bilan buni muhokama qila olmaganini aytadi.

Xullas, FBR sobiq rahbari Robert Muller boshliq tergovchilar kalavaning uchini topishi oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG