Prezident Donald Tramp Rossiya bilan murosa qilish siyosatini himoya qilayapti. U, shuningdek, o'g'li Donald Tramp atrofidagi janjalni rad etib, uning tarafini oldi.
Ma'lum bo'lishicha, prezidentning o'g'li Rossiya advokati bilan elektron maktub almashgan, Rossiya tomondan demokrat Hillari Klinton sha'niga dog' tushiradigan ma'lumot taklif qilinganida, Trampning o'g'li buni olqishlagan.
Konservativ nasroniy telekanal bilan suhbatda Prezident Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan gapi gapiga to'g'ri kelishini aytgan.
"O'rtada dialog bo'lishi kerak, aks holda har ikki davlatga ham jabr bo'ladi", - deydi Tramp.
Prezident Rossiyaga doir tergovni tanqid qilib, buni unga qarshi ov, fitna deb atamoqda. Ammo prezident Federal qidiruv idorasini boshqarish uchun taklif qilgan nomzod Kristofer Rey bu fikrga qo'shilmaydi.
Rey Senatda so'zlar ekan, avvalo, konstitutsiya, qonun ustuvorligi va FBRga sodiq ekanini aytdi.
Trampning o'g'li rus yuristlari bilan yozishgani haqidagi xabar Oq uyni g'azablantirdi. Demokrat qonunchilar esa xavotirini yashirmayapti. Virjiniyadan senator Tim Keyn.
"Hali hech narsa tasdiqlangani yo'q, ammo adliyaga to'sqinlik qilingani shubhasiz. Bularning bari yolg'on ma'lumotlar, hatto xoinlikka yetaklashi hech gapmas", - deydi senator.
Ayrim respublikachilar, jumladan, Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan ham tashvishda.
"Maxsus tergovchi Robert Myullerga va Kongressdagi tergovchilarga bu tekshiruvni olib borishni qo'yib berish kerak", - deydi u.
Facebook Forum