Breaking News

Kuzatuvchilar: Turkiya namoyishlari ortida dunyoviy rejim tarafdorlari turibdi


Istanbul
Istanbul
Istanbulda park buzilishiga qarshi chiqqan fuqarolar namoyishi aksil-hukumat harakatga aylandi. Kuzatuvchilar fikricha, dunyoviy rejim tarafdorlari amaldagi rahbariyatning mamlakatni islomiylashtirish siyosatidan norozi.

Turkiya namoyishlari: din va siyosat, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00
Yuklab oling
Odamlar dastlab Taksim maydonidagi parkning buzilishiga qarshi norozilik bildirish uchun to’plandi. Endi esa ular hukumatning o’ziga qarshi bosh ko’tarmoqda.

Londondagi Royal Hollovay Universiteti tadqiqotchisi Gul O’zjanga ko’ra, aholi orasida hukmron partiyadan norozilar ko’p.

“Bu namoyishlar ortida turgan sabab bitta: odamlarning toqati toq bo’lgan”, - deydi u.

Tahlilchining fikricha, hukumat namoyishlarning bunday keng tus olishini kutmagan edi.

“Adolat va taraqqiyot partiyasi yaxshi imkoniyatni qo’ldan boy berdi. Namoyishchilarga quloq tutib, demokratiyani hurmat qilishini, demokratiya va islom birgalikda yashay olishini Turkiyadagi va dunyodagi tanqidchilariga ko’rsatib qo’yishi mumkin edi”, - deydi O’zjan.

Bosh vazir mansub partiya islomiy qadriyatlarni himoya qiladi. Rajab Toyyib Erdog’an 10 yildan beri boshqaruvda. Ikki yil oldin 50 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Namoyishchilar hukumat qarorgohini o’rab olishga urindi. Ular alkogol iste’moliga qo’yilgan cheklovdan, matbuotga ko’rsatilayotgan bosim va boshqa qarorlardan g’azabda.

Londondagi King kolleji professori Bil Park hukumatdan norozilar sonini aholining yarmiga tenglashtiradi.

“Ayrimlar buni saylovchilarning ikkinchi 50 foizi, ya’ni hukmron partiyaga ovoz bermaganlar deb atamoqda. Ular rahbariyatdan eng ko’p norozi bo’lganlar”, - deydi u.

Namoyishlar butun mamlakatga yoyilmoqda. Tahlilchilar fikricha, aholining qariyb yarmi dunyoviy bo’lib, hukumatning mamlakatni islomiylashtirishga bo’lgan urinishlaridan norozi.

Chiqishlar kuchayganiga qaramay, Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an Shimoliy Afrikaga safarini qoldirishni ep ko’rmadi. Unga ko’ra, to’polonlar ortida hissiyotga berilganlar va ekstremist kuchlar turibdi.

Erdog’an safaridan qaytguncha namoyishlarning tugashiga umid qilayotgan bo’lsa ajab emas. Ammo tahlilchilar boshqacha fikrda.

“Turkiyaning markazini qo’lga kiritish uchun jang ketyapti, deyish qiyin. Bu yerda aslida ikkita markaz o’rtasida raqobat ketyapti. Masala shuki, hukumatni kim egallashidan qat’i nazar, ikkinchi tomon fikrlariga quloq tutiladimi?” – deya so’raydi ingliz tahlilchisi Bil Park.

Mutaxassislar nazarida Turkiyada har doim muxolif guruhlar tazyiq ostida tutilgan. Ammo kuchayib borayotgan norozilik harakati bosh vazirning konstitutsiyani o’zgartirib, o’z vakolatlarini yanada oshirishiga yoki Yevropa Ittifoqiga qo’shilishga qaratilgan urinishlariga pand berishi aniq. Eng yaxshi yo’li, deydi professor Park, bosh vazirga atrofidagilar muxolif guruhlarni ham tinglash lozimligini o’rgatishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG