Turkiya matbuoti xabariga ko’ra, Istanbulda yangi yil oqshomi tungi klubga hujum qilgan shaxs o’ziga o’lim jazosi berilishini so’ragan.
Sudda bergan ko’rsatmasida Abdulqodir Masharipov oliy jazo berilsa yaxshi bo’ladi, degan.
1-yanvar kuni Reina klubida yuz bergan xurujda 39 odam o’lgan, 65 kishi yaralangan. Voqea joyidan qochib ketgan Masharipov oradan 17 kun o’tib qo’lga olingan edi.
Asli o’zbekistonlik bo’lgan bu shaxs terrorchi guruhga qo’shilganlik, qotillik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.
U sudda o’zining “Islomiy davlat” guruhiga a’zo ekanini hamda xurujni Suriyadagi guruh yetakchisi bilan birgalikda rejalaganini aytgan.
Hujumga aloqador yana bir shaxs Istanbulda qo’lga olingani xabar berilmoqda. Asli turkiyalik va hozirda Fransiya fuqarosi bo'lgan bu shaxs xurujni amalga oshirishda Masharipovga yordam berganlikda ayblanmoqda.