Breaking News

Turkiya hukumati yigit-qizlar birga yashovchi yotoqxonalarni yopish qarorida qat'iy


Talabalar Bosh vazir Erdo'g'an qaroriga qarshi norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Anqara, 9-noyabr, 2013-yil.
Talabalar Bosh vazir Erdo'g'an qaroriga qarshi norozilik namoyishi o'tkazmoqda, Anqara, 9-noyabr, 2013-yil.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’an talaba qiz va yigitlarning bir yotoqxonada yashashini qoralab chiqqach, mamlakatda siyosiy bahslar kuchaydi. Bosh vazirga ko’ra, bunday chora ota-onalarning e’tiroziga javoban amalga oshirilmoqda. Ammo muxolif guruhlar Erdo’g’an partiyasini jamiyatga islomiy qarashlarini majburan o’tkazishda ayblaydi.
Turkiya hukumati talabalar hayoti haqida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00
Yuklab oling
Erdo’g’an yigit-qizlarning birga yashashiga yo’l qo’yib bo’lmasligini ta’kidlab, hukumat allaqachon davlatga qarashli yotoqxonalarning 75 foizini yopgani haqida aytgan.
Tanqidchilar esa bosh vazirni odamlarning shaxsiy hayotiga aralashayotganlikda ayblamoqda. Ularga ko’ra, Erdo’g’an ayollarga nechta tug’ishdan tortib, abort qilishgacha bo’lgan masalalarda o’z qarashlarini o’tkazishga urinmoqda.

Yigit o’rtog’i bilan birga yashovchi talaba qizlardan birining aytishicha, so’nggi choralar ortida diniy sabablar turibdi.

“Ular erkak va ayollarning birga bo’lishini yoqtirmaydi. Chunki ular islomiy partiyadan. Bunaqa narsalar Turkiyada doim bo’ladi. Bularning hammasi ayollar va ularning badaniga oid. Buning erkaklarga aloqador masala emasligi aniq. Faqat ayollar va ularning hayoti haqida”, - deydi turkiyalik talaba.

Islomiy qadriyatlar himoyachisi sifatida ko’riladigan amaldagi partiya bu choralar diniy asoslarga ega emasligini, faqat ota-onalar talabi bilangina amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.

Bosh vazirning 10 yildan ortiq hukmronligi davrida bu kabi tanqidlar ko’p yangragan. Muxolif partiyalar nazarida, Erdog’an 90 yillik dunyoviy tuzumni yemirish niyatida.
Bosfor universitetining sotsiologiya professori Ayfe Bartu Jandanning aytishicha, so’nggi voqealar hukumatning yashirin maqsadlarga egaligi haqidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.

“Dunyoviy rejim tarafdorlari uchun bunday voqealarning ro’y berishi bejiz emas. Ularga ko’ra, Erdo’g’anning asl qiyofasi jamoatchilikka shunday ishlar orqali fosh bo’ladi”, - deydi professor Jandan.

Kuzatuvchilar yaqinda Parlamentning ayol a’zolariga ro’mol o’rashni ruxsat beruvchi siyosiy kelishuv yuzasidan bahslar tinmay turib, yangisi boshlanayotganini aytadi.
Dunyoviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tashkil etgan Respublikachi Xalq partiyasi amaldagi hukumatning eng katta tanqidchisi. Partiya vakillariga ko’ra, 2015-yilgi parlament saylovlari yaqinlashar ekan, bosh vazir diniy va dunyoviy guruhlar o’rtasida ataylab nizoni kuchaytirmoqda. Erdog’an esa har doim konservativ demokratiyani himoya qilib kelganini ta’kidlaydi.

“Ayollar inson huquqlari uchun Turkiya ayollari” tashkiloti asoschilaridan biri Pinar Ilkkarajanning aytishicha, so’nggi harakatlar ayollarni nazorat ostiga olishga qaratilgani shubhasiz.

“Ularning konservativ qarashidagi asosiy masala ayollarning tanasi ustidan hukmronlik o’rnatish. Ular endi yoshlarning, ayniqsa, qizlarning hayotiga ham aralashmoqda. Bosh vazir ularni ochiqchasiga axloqsiz deb atadi”, - deydi u.

Erdog’anning bunday gaplari hatto ayrim tarafdorlarining ham tanqidiga uchradi. Bosh vazir o’rinbosari Bulent Arinch bahslarni yumshatish uchun hukumat yotoqxonalarni yopish niyatida emasligini aytdi. Ammo Erdo’g’an uning gaplarini rad etib, o’z qarashini himoya qildi.

Huquqshunoslarga ko’ra, yigit-qizlar aralash yashovchi yotoqxonalarni yopish haqida birorta qonun yo’q. Ammo mahalliy matbuot politsiya allaqachon talabalar uylarida tintuv o’tkazishni boshlagani haqida xabar bermoqda.

Yevropa Ittifoqi Turkiyadagi o’zgarishlardan tashvishda ekani haqida bayonot chiqardi. Unga ko’ra, hukumatlar voyaga yetgan shaxslarga qanday yashashni o’rgatmasligi kerak. Bu kabi tanqidlarga qaramasdan, Bosh vazir Erdog’an o’z qarashlaridan voz kechmoqchi emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG