Breaking News

Turkiya yana siyosiy inqirozga yuz tutadimi?


Turkiya hukumati qabul qilgan huquqiy islohot natijasida so’nggi kunlarda qamoqdan iste’fodagi bir necha harbiy ofitser va jinoiy to’dalar a’zolari chiqdi. Aksariyati Turkiyada davlat ichida davlat barpo etganlikda ayblanib qamalgan edi. Norasmiy tarmoq, prokurorlar nazarida, ayrim shaxslarni davlat dushmani deya, ularni yo’q qilishda ishtirok etgan.

Istanbullik tahlilchi Chingiz Aqtarning aytishicha, tarmoq a’zolarining ozod etilishi tashvishlanarli hol.

"Turkiyada bundan ko’plar norozi. Ular bu odamlar yaqin oylarda o’ch ola boshlashidan xavotirda", - deydi mutaxassis.

Ozodlikka chiqqanlar orasida taniqli arman jurnalisti Xrant Dinkning qotillari, uch missionerni o’ldirgan odamlar, xavfsizlik kuchlari safida o’lim otryadlarini tuzganlar bor. Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, tarmoqning asosiy qurbonlari kurdlar huquqlari uchun kurashgan faollar bo’lgan, ayniqsa 1990-yillarda Turkiya hukumati va Kurdiston ishchilar partiyasi jangari guruhi o’rtasidagi urush avjga chiqqan bir paytda.

Turkiyada mahalliy saylovlarga tayyorgarlik avjida ekan, shu oy kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasining bir necha idorasi turk millatchilari hujumiga uchradi. Partiya rahbari Ertugrul Kurkchuning aytishicha, bu ishga norasmiy tarmoq aralashgan.

"Hujumlar ortida shu guruh turibdi. Albatta, tarmoqning qamoqda o’tirgan a’zolari bunga qo’l urmagan, ammo uning qoldiqlari bor. Ular o’tmishda kurdlar va demokratlarga qarshi zulm qo’llagan", - deydi kurd faoli.

Kurkchu va boshqa siyosiy kuzatuvchilarning aytishicha, Rajab Toyib Erdog’an hukumati taniqli ulamo Fathulla Gulen hamda uning xavfsizlik kuchlari va adliya tizimidagi tarafdorlari bilan olishar ekan, bir vaqtlar siyosiy kuch-qudratga ega bo’lgan va qamoqda o’tirib chiqqan shaxslar Erdog’anga bu kurashda yordam berishi kutilmoqda.

Biroq tahlilchi Sinan Ulgen bunday bo’lishiga ishonmaydi. Hukumat uchun bu qaltis bir qadam, tarmoq a’zolarining ozod etilgani adliya tizimidagi xatolar bilan bog’liq, deydi u.

"Turkiyada hukumatning hozirgi qarorini ko’pchilik qo’llab-quvvatlamaydi. Anqara uchun ham bu istalmagan bir qadam. Albatta, qamoqdan chiqqan shaxslarning ayrimlari yana hokimiyatga qaytishga harakat qilishi mumkin. Biroq bunga erisholmaydi deb o’ylayman, chunki mamlakatda harbiylarning maqomi tubdan o’zgardi va oldingi holatga qaytish yo’q", - deydi Ulgen.

Siyosatshunos Chingiz Aqtar harbiylar siyosatga aralashgan davrdan beri Turkiya jiddiy o’zgarishlarga yuz tutganini tan oladi. Biroq, deydi u, Gulen tarafdorlariga qarshi kurash oqibatida minglab politsiya va adliya xodimlarini ishdan olgan hukumat zaiflashib, siyosiy o’yinlar qurboniga aylanishi hech gapmas.

"Politsiya va adliya tizimi izdan chiqdi. Ijtimoiy tartibni kim o’rnatadi endi, axir ko’chada shuncha jinoyatchi yuribdi", - deya tashvishlanadi Chingiz Aqtar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG