Turkiyada shu yakshanba kuni parlament saylovlari o'tkaziladi. Muxolif partiyalar ovozlar soxtalashtirilishi mumkinligidan xavotirda, biroq fuqarolik jamiyati faollari jarayon halol o'tishi uchun nazoratni kuchaytirmoqchi.
Turkiyadagi har bir muxolif partiya 7-iyunga belgilangan saylovda qonunbuzarliklar bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirib keladi. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovda qatnashganlarning salkam yarmi shunday fikrda.
Parlament a'zosi, kurd manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasidan Ertugrul Kurkchu uning partiyasiga berilgan ovozlarning inobatga olinishini nazorat etishni katta muammo sifatida ko'radi.
"Xavotirdamiz, bunga amin bo'la olmaymiz. Biz olgan ma'lumotlarga ko'ra, sistema ovozlarni to'g'ri hisoblamasligi mumkin. Shuning uchun har bir saylov qutisining yonida ikkita odamimiz turadi. Ular yakuniy hujjatlarni suratga oladi va suratlar Android telefonlari tizimi orqali bir joyga to'planadi", - deydi Kurkchu.
So'rov natijalariga ko'ra, Xalq demokratik partiyasi parlamentga kirishga imkon beruvchi 10 foizlik to'siqdan arang o'tishi mumkin. Agar partiya 50 yoki undan ko'p o'rinlarni qo'lga kiritsa, bu hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi hisobiga bo'ladi.
Tahlilchilarning aytishicha, boy berilgan o'rinlar hukmron partiyaga qimmatga tushishi, parlamentdagi ko'pchilikdan mahrum qilishi mumkin. Kurd masalalari bo'yicha ekspert Qadri Gursel nazarida ovozlarning soxtalashtirilishi haqidagi xavotirlar asossiz emas.
"Hokimiyat uchun kurash jiddiy kechadi, shunga odamlar ovozlar soxtalashtiriladi deb o'ylayapti. Turkiyada 170 mingta saylov qutisi bor. Har bir qutidan Xalq demokratik partiyasiga berilgan 2-3 ta ovoz olinib, "Adolat va taraqqiyot" partiyasi hisobiga yozilsa, bu mamlakat bo'ylab bir foiz degani. O'g'irlangan bir foiz esa partiyaning 10 foizlik to'siqdan o'tolmasligini ta'minlashda qo'l kelishi mumkin. Ovozlarni saylov paytida yoki hisoblash jarayonida o'g'irlash mumkin", - deydi Gursel.
Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'li bunday bo'lishi mumkin emas, deya bu kabi ehtimollarni inkor etdi. Agar qonun buzilgani aniqlansa, Dovuto'g'li iste'foga chiqishini aytdi. Tahlilchilarga ko'ra, Turkiyada 1950-yillardan beri saylovlar halol o'tkazilgan. Biroq o'tgan yilgi mahalliy saylovlar ko'p savol tug'dirgan - byulletenlarning ommaviy ravishda qo'shilgani da'vo qilingan, ovozlar hisoblanayotgan payt chiroq o'chgan.
Jarayonni tashkil etuvchi Oliy saylov idorasi ham ba'zilar tomonidan xolis ko'rilmaydi.
Fuqarolik jamiyati tashabbusni o'z qo'liga olmoqda. Ular saylov qutilarini nazorat etish uchun ko'ngillilarni safarbar qilmoqda.
Aksiya tashkilotchilaridan Yasmin Orsning aytishicha, 30 mingdan ziyod kuzatuvchi tayyorgarlikdan o'tgan.
"So'nggi 10 yildan beri Turkiyada odamlar ovozlar soxtalashtirilishi mumkin degan xayol bilan yashaydi. Konstitutsiya har bir fuqaroga saylov qutisining tepasida turish va kuzatish huquqini bergan. Shuning uchun odamlarni to'plashga qaror qildik. Turkiyaning 40 ta shahrida ko'ngillilar harakat qiladi", - deydi Yasmin Ors.
Guruh elektron hisoblash tizimini ham nazorat qilmoqchi. Kuzatuvchilarga har bir qutidagi byulletenlar sonini o'z tizimiga qo'shib hisoblashga imkon beruvchi programma ham ishlab chiqilgan.
Dastur muallifi Sina Hakmanning aytishicha, ixtiro rasmiy hisob natijalari bilan taqqoslash imkonini beradi.
"Hech kim tekshirmaydi, davlat tizimida kod ochiq emas, demak quti yopiq. Biz esa hisoblab boramiz. Natija bir xil chiqishi kerak", - deydi Hakman.
Saylovda raqobat kuchli bo'lishi kutilmoqda. So'nggi 10 yilda ilk bor kimning g'alaba qilishini bashorat etish qiyin.