Turkiyada harbiy qo’mondonlik kecha birvarakayiga ishdan bo’shagani inqirozga yetaklamaydi, vaziyat joyida, deydi prezident Abdulla Gul.
Voqea odamni ajablantiradi, lekin davlat mustahkam, deydi u.
General Nejdet Ozel Turkiyaning bosh harbiy qo’mondoni etib tayinlangan.
Kecha qurolli kuchlar boshlig’i, general Isik Koshaner, shuningdek, armiya, harbiy dengiz floti va havo kuchlari qo’mondonlari lavozimini tark etdi.
Dunyoviy tuzum tarafdori bo’lmish harbiylar islomiy qarashdagi rahbarlar bilan kelisha olmayapti degan xavotir yanada kuchaydi.
Hukumatni ag’darishga uringanlikda ayblanib, 300 dan oshiq odam hibsda. Ular orasida 30 general va 200 ga yaqin zobit bor.
General Koshaner ishdan bo’shashi haqida yozgan arizasida adolatsiz ravishda qamoqda saqlanayotgan harbiylarni himoya qila olmasligini aytib, tuzumni bosimda ayblagan.