Turkiyada yaqinda o’tgan parlament saylovlarida g’alaba qilgan “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi yangi hukumat tuzar ekan, mamlakat iqtisodiyoti xususida bahs-tortishuvlar davom etmoqda.
Turkiya global bo’hrondan ko’p zarar ko’rmadi va iqtisodiy jihatdan jahonda eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri. Lekin moliyaviy muammolar bu jamiyatda ham talaygina.
“Adolat va Taraqqiyot” partiyasi ilk bor 2002 yilda hokimiyatga kelgan davrda moliyaviy inqirozga qarshi kurash boshlagan edi. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi o’sha yillarda hukumatning iqtisodiy siyosatini quvvatlagan va ko’rilgan chora-tadbirlar samara berib, Turkiya iqtisodiyoti ancha oyoqqa turdi.
Amerika matbuotining yoritishicha, Turkiya eksporti 2002 yilda 36 milliard dollarni tashkil etgan bo’lsa, bugunga kelib 114 milliard dollarga yetgan.
“Adolat va Taraqqiyot” partiyasi bu yil mamlakat iqtisodiyoti yanada mustahkamlanadi deya ishonch bildirmoqda.
Bosh vazir Rajap Toyib Erdog’an fikricha Turkiya jumhuriyati 100 yilligini nishonlaydigan 2023 yilda “sanoatlashgan davlatlar qatoridan joy oladi”.
“Nyu-York Tayms” (The New York Times) bergan ma’lumotga ko’ra, Turkiya iqtisodiyoti yiliga 9 foizga o’sib bormoqda.
Lekin mutaxassislar nazarida hozirgi yuqori inflyatsiya va kamomad – yaqin va uzoq muddatda birdek tahdid tug’diradi.
Istanbuldagi moliya firmasi vakili Emre Yigit kamomadda hozircha katta bir muammo yo’q deydi, lekin nazorat qilinmasa, vaziyat izdan chiqishi mumkin.
“Turkiya hukumati ichki va xorijiy moliyaviy muassasalar hamda fuqaro ishonchini saqlash uchun har oy qariyb 10 milliard dollar qarz olishi kerak. Qariyb bir yildan buyon vaziyat shu, uncha e’tibor berilmayapti”, - deydi Emre Yigit.
Global moliyaviy bozordagi talab shuki, Turkiya markaziy banki importni kamaytirish uchun protsent nisbatini oshirishi kerak. Lekin markaziy bank buni amalga oshirganda yana ko’p naqd pulni bozorga kiritib, turk lirasi qadri tushishi va oqibatda import hajmi yanada ortishi mumkin.
Shuning uchun hukumat iste’molchilarga berilgan qarzlarni kamaytirish va mablag’ni xazinada saqlab turishga harakat qilmoqda.
Bu siyosat, ayniqsa qo’shni Gretsiyadagi moliyaviy bo’hronni kuzatib turgan moliyachilarni sarosimaga solmoqda.
Bankir Inan Demir fikricha Turkiya iqtisodiyoti vaqtni qo’ldan boy bermoqda.
“Hozirgi siyosatdan Turkiya markaziy banki manfaatdor deb aytolmayman. Jahon moliya bozoridagi tang bir vaziyatni e’tiborga olish kerak”, - deydi u.
Mutaxassislar nazarida Turkiyada fundamental moliyaviy infratuzilmani qayta ko’rib chiqish kerak.
“Chet eldan ko’proq sarmoya jalb qilish kerak. Eksport uchun ham import qilishga to’g’ri keladi. O’zgarishlar qilinmasa, vaziyat salbiylashishi mumkin”,- deydi Bahcheshahir Universitetidan tahlilchi, professor Chingiz Aktar.