Ikki kun davomida Eron rasmiylari BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan uchrashib, o'rtadagi kelishmovchiliklarni hal qilishga urindi. Muzokarada AQSh, Britaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya hamda Germaniya diplomatlari qatnashgan.
Xavfsizlik Kengashining Erondan talabi o’sha-o’sha: Islomiy respublika yadro izlanishlari haqida to’liq ma’lumot bersin, qurollarni tarqatmaslik to’g’risidagi xalqaro kelishuvlarga amal qilayotganini isbotlasin.
O’z navbatida, Eronning pozitsiyasi shuki, dasturni yuritishga bu davlat to’la haqli.
Muzokara chog'ida Tehron rasmiylari BMT sanksiyalarini bekor qilish talabini qo'ygan. "Yadro texnologiyalarini rivojlantirishga, uran boyitishga haqqimiz bor", - deydi Said Jaliliy, atom programmasi rahbari.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton Trukiyadagi uchrashuv natija bermaganidan afsusda. G'arb nazarida, Eronning asl maqsadi yadro quroli yaratish. Rasmiy Tehron bu da'voni inkor etadi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davutog’lu deydiki, mezbon sifatida uning vazifasi muzokara samarali va ijobiy ruhda o’tishi uchun zarur sharoit yaratib berish edi.
Anqarani ko’pchilik Eron va G’arb o’rtasida muhim vositachi rolida ko’radi.
Qo’shma Shtatlar muloqotdan ko’p narsa kutmagan. Lekin uranni uchinchi bir davlatda boyitib, Eronga qaytarish takliflarini ko'rib chiqishga tayyor. O’tgan yili Turkiya va Braziliya tomonidan olg’a surilgan bu tashabbusni G’arb hamjamiyati rad etgan edi.
Tahlilchilar nazarida muzokaradan biror naf chiqmasligi boshidan ma'lum edi.
“O’rtada ishonch yo’q. Ayni paytda na Eron, na G’arb bu masalada yon berishga tayyor”, - deydi Jozef Sirinsione.
Islomiy respublika hozirgacha BMTning to’rt sanksiyasi bilan jazolangan.
“Iqtisodiyoti har tomondan siquvda. Mahmud Ahmadinejod hukumati so’nggi payt xarajatlar va subsidiyalarni keskin kamaytirgan”, - deydi siyosatdon Maykl Elleman.
Said Jaliliyning ta’kidlashicha, Xalqaro Atom Boshqarmasi inspektorlari bu davlat inshootlarini qayta-qayta tekshirgan va dastur harbiy maqsadlarni ko’zlaydi deyishga asos yo’q.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, muzokara oldidan bergan bayonotida, yangi sanksiyalar haqida gapirish o’rinsiz degan.
“Bu bilan Eronni hamkorlikka ko’ndira olmaysiz”, - deydi Lavrov.