Eron tashqi ishlar vazirining o'tgan hafta Turkiyaga rejalangan tashrifining bekor qilinishi Anqara va Tehron o'rtasidagi ziddiyatlarning kuchli ekanini ko'rsatdi. Suriya mojarosida bu ikki davlat turli taraflarni qo'llab-quvvatlab, bir-birini mazhabiy adovatni kuchaytirayotganlikda ayblamoqda.
Eron va Turkiya o'rtasidagi ziddiyatlarni har ikki tomonning davlat matbuotida ko'rish mumkin. Eron matbuoti Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va uning qizi Sumayyani nishonga oldi. Bundan g'azablangan Anqara Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning tashrifini bekor qildi.
Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis Soli O'zelning aytishicha, vaziyat jiddiylashmoqda.
"Eron matbuotida va ayniqsa davlat matbuotida Erdog'an va uning oilasiga tegishli mavzular Turkiya rahbarini ranjitgani aniq. Anqaraning Iroq Kurdistoni va Suriya bilan ham munosabatlari tarang ekan, Erdog'anga qarshi kayfiyat endi jamoatchilikka ham yoyilmoqda", - deydi O'zel.
Iroq Kurdistoniga ta'sir qilish uchun raqobatning kuchayishi va ikki tomonlama ziddiyatlardan tashqari Anqaraning Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilariga qarshi harbiy harakatlarni jonlantirishi ham Turkiya-Eron ixtilofini oshirmoqda, deydi iste'fodagi turk elchisi Murat Bilxan.
"Eron Kurdiston ishchilar partiyasidan Turkiyaga qarshi ba'zida foydalangan. Endi esa Tehron kurd jangarilari va Suriyadagi boshqa kuchlarni "Islomiy davlat"ga qarshi ishga solmoqchi va bu guruhlarning "Islomiy davlat" ustidan qo'li baland kelmoqda. Shu sabab Eron Turkiyaning Kurdiston ishchilar partiyasiga qattiq zarar yetkazishini istamaydi", - deydi sobiq diplomat.
Anqara o'tmishda Tehronni kurd jangarilarining Eron chegarasidan o'tib Turkiyaga hujum qilishiga to'siq qo'ymayotganlikda ayblagan. Tahlilchi Soli O'zelning aytishicha, bu tahdid hali ham mavjud.
"Jangarilar Iroqdan o'tolmayotgan bo'lsa, istalgan boshqa yo'nalish orqali Turkiyaga kirishga harakat qiladi. Agar Eron ularga bu ishda yordam bersa, demak, Tehron keyinchalik ulardan foydalanishi mumkin. Turkiya zaif tomonlarini bartaraf etishi va Eronga ulardan foydalanishga imkon bermasligi kerak deb o'ylayman", - deydi ekspert.
Eronning kurd jangarilari orqali yashirincha tahdidi bois ham, deydi turkiyalik kuzatuvchilar, Anqara Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tinchlik jarayonini davom ettirishi lozim. Biroq Turkiya hukumati bu da'vatlarga hozircha quloq solmayapti.