Breaking News

Turkiya Iroq Kurdistonidan neft ola boshladi, Bag’dod g’azabda


Turkiya va Iroqning Kurdiston muxtoriyati 50 yillik neft shartnomasi imzoladi. “Qora oltin” eksportiga oid bitim - Iroq kurdlari va Turkiya o’rtasida aloqalar rasmiy Bag’dod ishtirokisiz rivojlanayotganidan darak.
Turkiya Iroq Kurdistonidan neft ola boshladi, Bag’dod g’azabda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00
Yuklab oling

Iroq hukumati Anqarani ochko’zlikda va xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblab, xalqaro sudga murojaat qilgan.

Kurdiston Bosh vaziri Nechirvan Barzaniy Irbil shahrida parlament yig’inida qilgan nutqida Turkiya bilan shartnoma imzolanganini e’lon qildi.

Neftga boy Kurdiston va bu mahsulotga ehtiyojmand Turkiya uzukka ko’z qo’ygandek bir-biriga mos, deydi Yasar universitetidan siyosatshunos Emre Iseri.

“Turkiya mintaqada energetika markaziga aylanmoqchi. Rossiya va Eronga bog’lanib qolmoqchi emas. Hozirgi byudjet taqchilligini ham inobatga olsak, Iroq Kurdistonidan arzonroq neft va tabiiy gaz sotib olishga intilayotgani tabiiy”, - deydi suhbatdosh.

Iroq shimolidagi tabiiy resurslar Turkiyaga pullanayotgani Bag’dod va Irbil orasiga sovuqlik tushirdi.

Markaziy hukumat neft va gaz eksportiga oid barcha qarorlar uning iznida ekani, xorijiy firmalar va Kurdiston o’rtasida imzolangan shartnomalar kuchga ega emasligini ta’kidlamoqda. Muxtoriyat rahbarlari bunday talqinga qo’shilmaydi.

Anqara Bag’dod bilan til topishishga bir necha oy harakat qildi, lekin natijasiz, deydi “Haberturk” gazetasi sharhlovchisi Soli Ozel.

“Iroq markaziy hukumati shikoyat qilib sudgacha bordi va qo’shimcha choralar haqida ogohlantiryapti. Amerikaliklar ham norozilik bildirdi-yu, boshqa biror o’zgarish bo’lgani yo’q hozircha”.

Bag’dod Xalqaro tijorat palatasi qoshidagi arbitraj sudiga arz qilgan. Vashington ham Turkiya to’g’ridan-to’g’ri Kurdiston bilan biznes olib borayotganidan norozi va Iroq bo’linib ketishi mumkin deya ogohlantiryapti.

Mojaro tufayli Iroq hukumati avtonomiyaga mablag’ ajratmay qo’ygan. Kurdiston esa neft savdosidan tushadigan daromadga ko’z tikayapti. Tahlilchilar nazarida, Bosh vazir Nuri al-Malikiy saylovlardan keyin hukumat tuzishga urinayotgan bir paytda Irbil va Anqara siyosiy beqarorlikdan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga urinayotgan bo’lishi mumkin.

Siyosiy muhit qanday bo’lmasin, orqaga qaytish yo’q, deydi “Taraf” gazetasi sharhlovchisi Semih Idiz.

“Shimoliy Iroqdan mahsulot olish Turkiya uchun har tomonlama qulay va xavfsiz ko’rinadi. Albatta, bu qaror ortida boshqa sabablar ham bor - siyosiy, strategik va iqtisodiy. Turkiya loyihani ilgari surishda davom etmoqda va endi chekinmasa kerak”, - deydi u.

Kurdiston neftining qiymati 110 million dollarga teng birinchi qismi Turkiyaga 23-may kuni yetkazildi. Bag’dod ishni sudga oshirganiga qaramasdan, Turkiya va Kurdiston rasmiylari neft savdosi davom etajagini bildirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG